1 apreldan umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTEM) qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ayrim soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining 16 fevraldagi «2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida so‘z borgan.

Xususan, ular ushbu qurilmalar bo‘yicha — mol-mulk solig‘i, qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha — yer solig‘i hamda yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi. Bunda ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran 3 yil muddatga, o‘rnatilayotgan quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam bo‘lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan o‘rnatilgan bo‘lsa — o‘n yil muddatga ozod etiladi.

Tadbirkorlik subyektlariga, shu jumladan, xorijiy investorlarga:

  • qayta tiklanadigan energiya manbalaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat organlariga va hududiy elektr tarmoqlariga belgilangan tariflar bo‘yicha, boshqa iste’molchilarga — o‘zaro kelishilgan narxlarda, tuzilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, shu jumladan, uzoq muddatli shartnomalar asosida sotish;
  • ijara huquqi asosida boshqa shaxslarga tegishli obyektlarda qayta tiklanuvchi energiya manbalari inshootlarini qurish va ushbu qurilmalardan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotishga ruxsat beriladi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan oy davomida yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan va iste’mol qilingan elektr energiyasi hajmining hisobi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ billing tizimida yuritilib, oy yakuni bilan tarmoqqa uzatilgan va iste’mol qilingan elektr energiyasi hajmi o‘rtasidagi tafovutga asosan o‘zaro hisob-kitob qilinadi.

Shu bilan birga, «Hududiy elektr tarmoqlari» tomonidan elektr energiyasini saqlab berish xizmati uchun haq olinmaydi.

Quvvati 300 kVt va undan yuqori bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi ushbu manbalar Energetika vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyingina amalga oshiriladi.

1 martdan boshlab tadbirkorlik subyektlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish uskunalarini xarid qilish va o‘rnatish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish jarayonlarining energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini moliyalashtirish maqsadida «yashil energiya» bank moliya produkti joriy etilmoqda.