Prezident Qasim-Jomart Toqayev Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida mahkumlarni alishish bitimini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Qozog‘iston davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat avvalroq Qozog‘iston parlamentining har ikki palatasi tomonidan ma’qullangandi. Mamlakat rasmiylari mazkur hujjatning ma’qullanishi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Uni imzolash bo‘yicha muzokaralar bir necha yil davomida Toshkent va Ostona tomonidan olib borilgandi.

Shartnoma shartlariga ko‘ra, mahkumlarni alishish uchun birinchi navbatda mahkumning roziligi kerak. Shaxs o‘z mamlakatida jazoni o‘tash niyati haqida ariza berishi lozim.

Jinoyatchilarni topshirish uchun mahkumning arizasi, uning fuqaroligi, shuningdek, taraflar roziligi talab qilinadi. Jazoni o‘tash muddati kamida bir yil bo‘lishi kerak. Mahkumlar mamlakat suvereniteti va milliy qonunchilik xavfsizligiga putur yetkazadigan bo‘lsa, shuningdek, shaxsga nisbatan sud yoki tergov davom etayotgan vaqtda moliyaviy qarzlari bo‘lsa, ekstraditsiya qilinmaydi.

Qozog‘iston Senatinig yalpi majlisida mamlakat bosh prokurori o‘rinbosari Aset Chindaliyev hozirda O‘zbekistondagi qamoqxonalarda 20 nafar qozog‘istonlik, Qozog‘iston qamoqxonalarida esa 486 nafar O‘zbekiston fuqarosi qamoqda saqlanayotganini ma’lum qildi, deya yozadi Kazinform nashri.

Avvalroq u Qozog‘istonda 225 nafar sudlangan O‘zbekiston fuqarosi o‘z mamlakatida jazoni o‘tash istagini bildirganini ta’kidlagandi.