Prezidentning 15 fevraldagi «Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Hujjatda elektr energiyasi, gaz va ichimlik suviga noqonuniy ulanib olish holatlariga qonunchilikda belgilangan jazoni og‘irlashtirish bo‘yicha topshiriq qayd etildi. Ushbu vazifa Bosh prokuratura, Oliy sud, DXX, IIV, Energetika vazirligiga yuklatilgan va tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan.

Unga ko‘ra, elektr energiyasi, gaz hamda vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish orqali talon-taroj qilish holatlarini o‘g‘rilik jinoyati sifatida belgilash rejalashtirilmoqda.

O‘zenergoinspeksiyaga elektr energiyasi va gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish (mansabdor shaxslarga nisbatan) vakolati berilmoqda.

O‘zenergoinspeksiya tomonidan berilgan yozma ko‘rsatma va taqdimnomalarni bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash ham nazarda tutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘g‘rilik uchun Jinoyat kodeksining 169-moddasida javobgarlik belgilangan. Unga ko‘ra, o‘g‘rilik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish — BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bundan tashqari, ushbu moddaning 3-qismida «o‘g‘rilik neft quvurlarida, gaz quvurlarida, neft va gaz mahsulotlari quvurlarida sodir etilgan bo‘lsa — 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi» belgilanishi bayon etilgan.

Amalda esa MjTKning 101-moddasida Elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzishga jazo belgilangan.

Ya’ni, umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoki ulardan foydalanish qoidalarini boshqacha tarzda buzish yoxud elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gazni hisobga olish asboblariga shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoki bunday hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish — fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 20 baravaridan 25 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mazkur moddaning ikkinchi qismiga asosan O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida qurilgan binolar hamda inshootlarni elektr energiyasi, issiqlik va gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan elektr, issiqlik va gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulash — mansabdor shaxslarga BHMning 70 baravaridan 85 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi keltirilgan.