Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida joylashgan Milavitsa brendining ichki kiyimlar do‘koni tashqi vitrinasidagi modellar surati internetda tanqid qilingan video tarqaldi. Shundan so‘ng do‘kon modellar suratlarini olib tashladi.

Videoni suratga olgan shaxs tuman rahbarlariga murojaat qilib, «bu yo‘ldan ularning voyaga yetmagan bolalari ham o‘tishini» aytgan.

«Mana bunga ahamiyat bering. Yaxshilab qarang. (Bolalarning — tahr.) ko‘zlarini tezroq ochilsin deb bunga ruxsat berdinglarmi? To‘rtinchi, beshinchi sinf o‘quvchilari shu yerdan o‘tadi. Bunga chora ko‘rasizlarmi?», — deydi u videoda.

milavitsa, мирзо uлuғбек tumani

Keyinroq muallif yana bir video e’lon qildi. Unda do‘kon oynasida modellarning fotosuratlari yo‘qligini ko‘rish mumkin.

«Bollar, mana buni qaranglar. Kechagi videodan keyin bu yerdagi fohishalarning rasmini olib tashlashibdi. Rahbarlarga tushungani uchun rahmat. Ko‘ryapsizmi, hammamiz bir jamoa bo‘lib mushtni bir joyga ursak, ko‘p ishlarni hal qilib tashlasak bo‘ladi», — deya murojaat qildi u obunachilarga.

«Gazeta.uz» Milavitsa do‘konlar tarmog‘i rahbariyati bilan bog‘langanda, ular hokimlik talabiga ko‘ra modellarning suratlarini olib tashlashganini aytishdi. Shuningdek, rahbar bu talabni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Ammo taqiq qo‘yuvchilar buning huquqiy asosini keltirib berishi kerak, deb hisoblashini aytdi.

Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, do‘kon vakillari bilan modellarning ichki kiyimdagi suratlari «inson nuqtai nazaridan» to‘g‘ri kelmasligi yuzasidan «tushuntirish suhbati» o‘tkazilgan.

«Bu yerdan har kuni 5−6 ming odam o‘tadi. Bunday fotosuratlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», — deyiladi hokimlik xabarida.