Toshkent viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha Quyi Chirchiq tuman sudi 2022 yil avgust oyida xususiy bog‘chada turmush o‘rtog‘ini tarbiyalanuvchilar ko‘z o‘ngida kaltaklab, ertasi kuni esa o‘ldirgan erkakka nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda «Milliy» telekanalining «Millar» ko‘rsatuvi xabar berdi.

«Ayolim bilan ajrashish uchun fuqarolik sudiga ariza tashlashga borgandim. Yo‘lda ketayotganimda ayolimning hamkasbi qo‘ng‘iroq qilib, u boshqa bir shaxs bilan uchrashib yurganini aytdi. Shundan so‘ng shubhalanib, uning telefonini tekshirish uchun qo‘limga oldim. Telefoni blokda bo‘lgan, ocholmadim. Shu vaqtda telefoniga begona raqamdan xabar keldi. Janjallashib telefonini olib ketib qoldim…», — dedi sudlanuvchi.

«Tunda ayolim menga qo‘ng‘iroq qilib, telefonni olib kelib berishimni aytdi. Darvozani ochib, ichkariga kirgizdi. O‘g‘limiz uxlab yotgan xonaga kirib gaplashdik. Oradan vaqt o‘tgandan keyin telefonini olib qarasam, yigit unga ikki marta qo‘ng‘iroq qilganini va „yaxshi ish bo‘lmabdi“ degan xabarni o‘qidim. Keyin kelishmovchilik boshlandi. Pichoq xotinimning qo‘lida edi, janjal paytida undan pichoqni tortib olmoqchi bo‘lganimda bo‘yniga kirib ketdi. Darvozani ochib, uydan chiqib ketdim», — dedi erkak.

Marhumaning otasi suddan «bu boshqalarga o‘rnak bo‘lishi uchun» ayblanuvchiga umrbod qamoq jazosi tayinlashni so‘radi.

Sudya Doniyor Azimov ushbu shaxsni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «g» bandi (O‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish / 15 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) va 164-moddasi 1-qismi «g» bandi (Bosqinchilik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish maqsadida hujum qilib, hayot yoki sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib yoxud shunday zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib sodir etilgan bo‘lsa / 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan aybdor deb topdi va unga nisbatan 19 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Eslatib o‘tamiz, 24 avgust kuni «Paxtakor» mahallasida yashovchi 31 yoshli S.X. o‘zining 24 yoshli turmush o‘rtog‘i M.X.ni «oilaviy muammolar va rashk tufayli» xususiy bog‘chada, bolalar oldida kaltaklagan. Maktabgacha ta’lim vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ular o‘rtasidagi mojaro ko‘chada boshlangan, keyin ayol eridan qochib, bog‘cha darvozasiga yugurib kirgan. Uning orqasidan kelgan eri bog‘cha ichida uni kaltaklashda davom etgan.

Bosh prokuraturaning xabar berishicha, ertasi kuni erkak xotini yashayotgan qaynotasining uyiga borgan. Deraza orqali u joylashgan yotoqxonaga kirib, oshxona pichog‘i bilan uning bo‘yniga pichoq urgan va voqea joyini tark etgan. Ayol olgan jarohatlari oqibatida vafot etgan.