O‘zbekiston va Xitoyning China Energy Engineering Corporation (CEEC) kompaniyasi Qashqadaryo, Buxoro va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 2000 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha anglashuv memorandumini imzoladi, deya xabar qildi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Imzolash marosimi 15 fevral kuni O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligidagi delegatsiya a’zolarining Xitoyga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, mazkur memorandum doirasida Xitoy kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonga 2 mlrd dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritiladi.

Ushbu quyosh fotoelektr stansiyalarining ilk quvvatlari joriy yil yakuniga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, stansiyalar 2024 yilda to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaydi.

Buning natijasida yiliga 5,2 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 1,4 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.

Tomonlar ushbu yirik loyihalarning istiqbollari va tez fursatlarda stansiyalar qurilish ishlarini jadal sur’atlarda amalga oshirishga kelishib oldilar.

Eslatib o‘tamiz, Jo‘rabek Mirzamahmudov yanvarda O‘zbekistonda kelasi qishga tayyorgarlik rejasini ma’lum qilgan edi. Jumladan, uning so‘zlariga ko‘ra, loyihani qisqa muddatda amalga oshirish imkoniyatiga ega Xitoyning energetika kompaniyalari 2 GVt quvvatga ega muqobil energiya obyektlarini qurish loyihalariga jalb etish rejalashtirilgan.

«Ushbu stansiyalar to‘liq quvvatga yetguncha yarim quvvatda, ya’ni 1 GVt quvvatda ishlasa ham, bu kun davomida elektr energiyasidan foydalanish, kompressor stansiyalarida gaz bosimini tushirish va uni saqlash imkonini beradi. Kechqurun esa yuqori bosimli gazni berish mumkin bo‘ladi», — deya tushuntirgandi Jurabek Mirzamahmudov.