15 fevral kunidan Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasining «Sirdaryo» va Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining «S.Najimov» chegara bojxona postlari orqali fuqarolar va yengil avtotransport vositalari harakati vaqtinchalik to‘xtatildi, deb xabar qildi Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.

Bu vaziyat Qozog‘istonning «Qazigurt» («S.Najimov») va «Atameken» («Sirdaryo») o‘tkazish punktlari rekonstruksiya qilinishi bilan bog‘liq. Shu sababli 15 fevraldan ushbu postlar orqali piyodalar, avtobus, yengil va yuk ko‘tarish qobiliyati 3,5 tonnagacha bo‘lgan yuk avtotransport vositalari harakati rekonstruksiya davrida vaqtinchalik to‘xtatiladi.

Bu o‘tkazish punktlari orqali faqatgina yuk ko‘tarish vazni 3,5 tonnadan yuqori bo‘lgan yuk avtotransport vositalari harakati davom etadi.

Fuqarolar ushbu o‘tkazish punktlariga muqobil sifatida ish tartibi kunu-tun bo‘lgan «G‘ishtko‘prik» va «Yallama» hamda ish tartibi kunning yorug‘ vaqtida bo‘lgan «Malik» va «Oq oltin» o‘tkazish punktlari orqali harakatlanishlari mumkin.