Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Turkiyaning «Alarko holding Altek» kompaniyasi bosh direktori Hakan Aytekinni qabul qildi. Bu haqda hokimlik axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda Farg‘onada quyosh fotoelektr stansiyasi qurish va ushbu istiqbolli loyihaning moliyaviy jihatlari muhokama qilindi.

Muloqotda Hakan Aytekin kompaniya tomonidan Turkiyada 1000 MVtli loyiha ustida ish olib borilayotgani xususida to‘xtalib o‘tdi. Agar zaruriy sharoitlar yaratilsa, kompaniya tomonidan ushbu tajriba asosida Farg‘onada ham mazkur loyihani amalga oshirishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Turkiyalik hamkorlar tomonidan bildirilgan mazkur taklif har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi hamda viloyatning Beshariq, O‘zbekiston va Farg‘ona tumanlaridan loyiha uchun mos joylar bilan tanishtirish uchun mas’ullar biriktirildi.

Uchrashuvda birinchi navbatda loyiha uchun hududlarda joy aniqlash, shundan so‘ng yana uchrashib, bu borada birgalikda olib boriladigan sa’y-harakatlar rejasini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida 98 mln dollar evaziga quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi haqida xabar berilgandi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov loyihani 2024 yil 2-choragida emas, balki 2023 yil oxirigacha yakunlash kerakligini aytib, buning uchun har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilishini bildirgan.