2023 yilda Orol dengizining qurigan 100 ming gektar maydonida himoya o‘rmonzorlari barpo etiladi. Bu haqda O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati rahbari Otabek Ashurov AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, mazkur yashil qoplamalarni barpo etish uchun saksovul, qandim, qoraburoq kabi cho‘l o‘simliklaridan jami 420 tonna urug‘ tayyorlanadi.

“100 gektar maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan niholxonalar tashkil etiladi. Zarur miqdordagi texnika va mexanizmlar, mutaxassis va ishchi-xodimlar, shuningdek, ixtiyoriy ravishda aholi vakillari o‘rmon meliorativ tadbirlarini amalga oshirish uchun jalb qilinadi”, — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 20 yanvardagi 25-sonli farmoyishiga asosan, 2023 yilda yashil qoplamalar barpo etishni moliyalashtirish tartibi belgilandi. Farmoyish bo‘yicha Orol dengizining suvi qurigan tubida joriy yilda himoya o‘rmonzorlari barpo etish uchun jami 25 mlrd so‘m mablag‘ talab etiladi.

orol dengizi, orolbo‘yi, o‘rmon xo‘jaligi agentligi, yashil qoplamalar

O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati rahbari Otabek Ashurov. Foto: AOKA.

“Bu jarayonlarni moliyalashtirish uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasidan 5 mlrd so‘m, O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasidan 5 mlrd so‘m, Aksiyadorlik tijorat banklaridan 5 mlrd so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining oshirib bajarilgan qismi hisobidan 10 mlrd so‘m ajratiladi. Bundan tashqari, o‘tgan yillardagi mavjud qarzdorliklar uchun Vazirlar Mahkamasining zahira jamg‘armasidan 5,5 mlrd so‘m maqsadli mablag‘lar ajratilishi ko‘zda tutilmoqda”, — dedi Otabek Ashurov.

2023 yilda Orolbo‘yi mintaqasi hisoblangan Navoiy viloyatida 50 ming gektar, Buxoro viloyatida 40 ming gektar hamda Xorazm viloyatida 11 ming gektar maydonda yashil qoplamalar tashkil qilinadi.

Agentlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, Orol dengizining qurigan tubida 2022 yilda 107 ming gektar maydonga saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklari ekilgan.

“Cho‘l o‘simliklaridan jami 590,3 tonna urug‘ tayyorlandi, shundan, 391 tonnasi mahalliy aholiga tegishli. 100 gektar maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan niholxonalar tashkil etildi. Bu jarayonlarga 635 nafar ishchi-xodimlar, 250 dona yuqori unumli traktorlar va 2 dona kichik aviatsiya (AN-2) jalb qilindi. Shuningdek, mazkur yashil qoplamalar soha olimlari tomonidan doimiy monitoring qilinib, cho‘l o‘simliklarining ko‘karishi bo‘yicha yaxshi natijalarga erishilmoqda”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, hukumatning 2022 yil 18 yanvar kungi qarori bilan Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolbo‘yining 1 mln gektargacha hududlarida cho‘l o‘simliklarini ekish belgilangandi.

Unga ko‘ra, 2022−2026 yillarda Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlarida “yashil qoplamalar” — himoya o‘rmonzorlari barpo etiladi. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 500 ming gektar, Buxoro viloyatida 200 ming gektar, Navoiy viloyatida 250 ming gektar va Xorazm viloyatida 50 ming gektar cho‘l o‘simliklari: saksovul, qoraburoq, qandim va cherkez ekiladi.

Yuqoridagi maqsadlar 2023 yilgi davlat dasturining loyihasida ham qayd etilgan bo‘lib, u 17 fevralgacha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.