Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani hokimligi xodimi mahalliy qurilish firmasi vakilidan noqonuniy tarzda 370 mln so‘m olayotgan vaqtida ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar qildi.

Hokimlik xodimi Yakkabog‘ tumanidagi ikkita maktabgacha ta’lim tashkilotida rejalashtirilgan 5 mlrd 250 mln so‘mlik kapital ta’mirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha loyihani tenderda yutib berish evaziga ushbu summaning 7 foizini talab qilgan.

Shuningdek, tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan Yakkabog‘ tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi xodimi ham ushlangan.

Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.