2023 yilda tashabbusli budjet uchun jami 2 trln so‘m mablag‘ ajratilishi kutilmoqda, shundan 1 trln so‘mi 1-mavsumga ajratiladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati ajratilgan mablag‘lar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

2023 yil boshiga mahalliy budjetlarda shakllangan erkin qoldiq mablag‘larining 30 foizi mahalliy hokimliklar tomonidan Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

Dastlabki hisob kitoblarga ko‘ra, 1-mavsum uchun Fuqarolar tashabbusi jamg‘armalarida jami 1,7 trln so‘m mablag‘ shakllantiriladi. Pul ovoz berish jarayoni boshlanguniga qadar Fuqarolar tashabbusi jamg‘armalariga yo‘naltiriladi.

2023 yil 9 fevral holatiga Fuqarolar tashabbusi jamg‘armalarida 899 mlrd so‘m mablag‘ yig‘ildi.

Umuman olganda, jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflarni moliyalashtirish uchun 2023 yilda budjetdan jami 8 trln so‘m mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Shundan:

  • 2 trln so‘m — «Tashabbusli budjet» jarayonlari uchun tuman va shahar budjetlarida rejalashtirilgan;
  • 320 mlrd so‘m — «Mening yo‘lim» loyihasi doirasida tuman va shahar budjetlarida rejalashtirilgan;
  • 4 trln so‘m — «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirish uchun.

Shu bilan birga, 2023 yilda mahalliy budjetlar bergan qo‘shimcha pullarning 30 foizi hisobiga 1,7 trln so‘m miqdoridagi mablag‘lar Fuqarolar tashabbusi jamg‘armalariga yo‘naltirilishi prognoz qilingan.