Samarqandda Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi viloyat boshqarmalari fuqarolarni Yevropa va AQShga noqonuniy yo‘llar bilan jo‘natmoqchi bo‘lgan 2 nafar shaxsni qo‘lga oldi, deya xabar bermoqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, shaxslar — M.X. va Sh. Sh. fuqaro J.X.dan 10 ming dollar olayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Tintuv vaqtida ularning noqonuniy harakatlaridan jabrlangan 13 nafar fuqaroning hujjatlari (8 ta xorijga chiqish pasporti, 2 ta biometrik pasport, bir dona ID-karta, 2 ta tug‘ilganlik haqida guvohnoma va bir dona nikoh guvohnomasi) topilgan.

Ular J.X.ga Yevropa davlatlaridan biriga «shengen» kirish vizasini rasmiylashtirish va Toshkent-Ispaniya-Meksika-AQSh yo‘nalishi orqali Amerikaga yuborishni va’da qilgan va undan 27 ming dollar talab qilgan. M.X. va Sh. Sh. fuqarodan dastlab 10 ming dollar, Meksikaning AQSh bilan chegarasiga yetib borgandan so‘ng 17 ming dollar berishi zarurligini bildirgan.

Yana bir fuqaro N.R.ni AQShga yuborish evaziga 22 500 dollar miqdoridagi pul mablag‘larini olgani to‘g‘risida tilxat topilib, protsessual tarzda rasmiylashtirilgan.

Ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.