O‘zbekistondan gumanitar yordam olib ketgan uchinchi samolyot Turkiyaga yetib bordi, deya xabar bermoqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati. Il-76MD harbiy samolyoti 9 fevral, chorshanba kuni ertalab Gaziantepga qo‘ndi.

Bortda umumiy soni 71 kishidan iborat qo‘shimcha qidiruv-qutqaruv va tibbiyot xodimlari guruhi bilan bir qatorda, navbatdagi gumanitar yordam partiyasi ham yetkazildi.

туркиядаги зилзила

Jabrlanganlarga yordam berish maqsadida Mudofaa vazirligi tibbiy otryadining 50 nafar xodimi xizmat qiladigan bir gektar maydonga to‘qqizta alohida bo‘linmadan iborat ko‘chma shifoxona majmuasini joylashtirish rejalashtirilgan.

Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, harbiy-tibbiy otryad tarkibida tajribali tibbiyot xodimlaridan tashqari kinologlar (xizmat itlari bilan) va ta’minotchilar ham bor bo‘lib, ular o‘z yo‘nalishi bo‘yicha barcha kerakli anjom va uskunalar bilan ta’minlangan.

Foto: Mudofaa vazirligi

7 fevral kuni O‘zbekistondan ikki samolyot zilziladan eng ko‘p jabr ko‘rgan shaharlar — Adana va Gaziantepga gumanitar yordam va 100 nafarlik qutqaruvchilar guruhi yetkazilgandi. Ular etnik o‘zbeklar yashaydigan Hatay viloyatining Ovakent qishlog‘ida qidiruv-qutqaruv ishlarini olib bormoqda.

8 fevral kuni Turkiyada qidiruv-qutqaruv operatsiyasi boshlanganidan buyon O‘zbekiston qutqaruvchilari vayronalar ostidan 11 kishining hayotini saqlab qolgani, 33 kishining jasadini aniqlangani ma’lum bo‘ldi.