O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 fevral kuni o‘tkazgan yilig‘ilishida Toshkent shahrida energetika va transport infratuzilmasini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Tadbirda davlat rahbari quyosh panellarini o‘rnatish ham energetika tizimi uchun, ham oilalar uchun manfaatli bo‘lishini tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtda kamida 2 ming megavattga yaqin quvvatli quyosh panellarini o‘rnatish mumkin.

Keltirilishcha, davlat panel o‘rnatgan tadbirkorlardan elektrni kafolatli sotib oladi. Keyingi yildan esa boshqa iste’molchilarga ham sotishi mumkin bo‘ladi.

«Aholi o‘z xonadonida panel o‘rnatsa, ehtiyojidan ortiq tarmoqqa sotgan elektr energiyasining har bir kilovatti 1 ming so‘mdan sotib olinadi. Hozir 295 so‘m. 3 karra ko‘p bo‘lsa ham sotib olamiz. Bu ham bizga manfaat keltiradi. Butun dunyoda vaziyat hozir boshqacha. Energiya tariflari juda ham yuqori bo‘lyapti. Biz aholini o‘ylab, elektrni arzon beryapmiz. Lekin, aholidan 4−5 barobar qimmat sotib olamiz», — dedi prezident.

Ta’kidlanishicha, sotib olingan eyenergiya uchun beriladigan pul fuqaroning plastik kartasiga tushirib beriladi.

«Har oyda hisob-kitob qilib, mablag‘lar xonadon egasining plastik kartasiga o‘tkazib beriladi. Masalan, hozirda 5 kishilik oila oyiga 400 kilovatt/soat elektr iste’mol qiladi va bunga 118 ming so‘m to‘laydi. Agar, shu oilada 5 kilovatt panel o‘rnatsa, oyiga 750 kilovatt/soat energiya ishlab chiqaradi. Ortgan 350 kilovatt/soatini tarmoqqa sotib, oyiga 350 ming so‘m qo‘shimcha daromad oladi. O‘zi iste’mol qilgan elektr energiyasi puli ham yoniga qoladi. Bu yiliga bir oila uchun kamida 5−6 mln so‘m qo‘shimcha daromad degani», deya ta’kidladi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda sanoat zonalari va yirik korxonalarda 400 mln kilovatt soatlik quyosh panellari o‘rnatish, Yuqorichirchiq tumanida 500 megavattli quyosh elektr stansiyasini qurish choralarini belgilab berdi. Ijtimoiy soha va davlat idoralari binolarida ham quyosh panellari o‘rnatish, sanoat korxonalarida elektr yo‘qotishlarini kamaytirish, magistral issiqlik tarmoqlari va 1 ming 817 ta ko‘p qavatli uyning ichki isitish tizimini yangilashni topshirdi.

Umuman, shaharda qayta tiklanuvchi energiya joriy qilish uchun 1 milliard dollar yo‘naltiriladi, deyiladi xabarda.