Turkiya janubi-sharqida yuz bergan zilzila qurbonlari soni (Turkiya va unga qo‘shni Suriyadagi qurbonlarni qo‘shib hisoblaganda) 15 mingdan oshib ketdi. Bu ushbu mintaqada so‘nggi o‘n yilliklarda yuz bergan eng kuchli zilziladir. Baxtga qarshi, tadqiqotchilar Turkiyada yaqin yillarda yana bir kuchli zilzila yuz berishi ehtimoli borligi, bo‘lganda ham ushbu tabiiy ofatdan aholisi bugungi kunda 15 mln kishidan ortiq bo‘lgan Istanbul jabr ko‘rishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Mahalliy ma’muriyatning bu holatga tayyorgarligi esa olimlarni hech ham qoniqtirayotgani yo‘q, deb yozmoqda Meduza.

Istanbulda zilzila bo‘lishi muqarrar, deya ta’kidlamoqda olimlar. Minglab odamlar qurbon bo‘lishi, millionlab odamlar uysiz qolishi mumkin

«Bu muqarrar, fakt», — deya qat’iy ta’kidlagandi 2006 yili Istanbul Texnika universiteti huzuridagi Yevrosiyo Yerga oid fanlar instituti direktori Okan Tuysiz Britaniyaning The Guardian nashriga bergan intervyusida. Olim Istanbul atrofida yaqin yillarda yuz berishi mumkin bo‘lgan zilzila ehtimolini shunday baholagan edi:

«Biz magnitudasini bilamiz. Biz joyini bilamiz. Biz faqat bu hodisa aynan qachon bo‘lishini bilmaymiz, xolos. Lekin Istanbul 2030 yilga qadar 7,6 magnitudali zilziladan zarar ko‘rishining 65 foizlik ehtimoli bor. Bu ehtimollilikning darajasi juda yuqori».

2006 yildan keyingi davrda olimlar xavotirli prognozni tasdiqlovchi yana ko‘plab hisobotlarni e’lon qildi (ularda zilzila ehtimoli 35 foizdan 95 foizgacha, zilzila yuz berishi mumkin bo‘lgan muddat 2045 yilgacha, magnituda esa «7,0 dan yuqori» deb ko‘rsatilgan). Zilzila ko‘lamini prognozlashtirish bilan nafaqat turk olimlari, balki AQSh Geologiya xizmati ekspertlari, Italiya, Fransiya, Yaponiya va hatto xalqaro sug‘urta kompaniyalarining mutaxassislari ham shug‘ullangan.

Bu yerda masala shaharning geografik joylashuvi bilan bog‘liq. Istanbul Onado‘li va Yevrosiyo tektonik plitalari kesishmasida, Marmara dengizi ostidan o‘tgan Shimoliy Onado‘li yorig‘idan 15−20 kilometr janubroqda joylashgan. Seysmik xavfni aynan mana shu omil keltirib chiqaradi. Plitalarning yoriq bo‘ylab harakati asrlar davomida yirik zilzilalarga sabab bo‘lgan. Istanbulda so‘nggi 500 yildan ortiq davr mobaynida ulkan quvvatli bunday tabiiy ofatlar olti-yetti marta sodir bo‘lgan. Eng halokatli zilzilalardan biri 1766 yili — shahar yaqinidagi yoriqning tarmoqlaridan biri yorilib ketganida sodir bo‘lgan (olimlar bo‘lajak zilzila ham xuddi shunday ssenariy asosida yuz berishini taxmin qilmoqda).

Istanbulga eng yaqin hududdagi so‘nggi kuchli zilzila 1999 yili yuz bergan. O‘shanda ofat epitsentri Istanbuldan 90 kilometr janubdagi Izmit shahrida edi; 17 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan. Bu Turkiya hududida Shimoliy Onado‘li yorig‘i bo‘ylab sharqdan g‘arb tomon «siljiyotgan» magnitudasi 7,0 dan yuqori bo‘lgan zilzilalar seriyasidagi 1939 yildan beri qayd etilgan yettinchi falokat edi. Go‘yoki kuchli yerosti silkinishlari Istanbul tomon intilayotgandek.

Prognoz qilinayotgan zilzila Istanbulning o‘zida yuz berib, oqibatlari bo‘yicha avvalgi barcha zilzilalardan ko‘ra og‘irroq bo‘lishi mumkin. Istanbul meriyasi tomonidan seysmolog-olimlar tomonidan 2020 yilda tayyorlangan hisobotga ko‘ra, 7,5 magnitaduli zilzila yuz bergudek bo‘lsa, shaharning barcha 39 ta tumani turli darajada zarar ko‘radi. Eng ko‘p vayrongarchiliklar megapolisning Yevropa qismida, Marmara dengizi bo‘yida yuz beradi. Masalan, ekspertlarning hisob-kitobiga ko‘ra, Avjilar tumanida qurbonlar soni 465 kishini, jarohatlanganlar esa 1,5 ming kishini tashkil etishi mumkin. Tumanning 104 ming aholisi esa uy-joyidan ayrilishi mumkin. Zeytinburnuda esa 688 kishi halok bo‘lishi, 5330 dan ortiq bino esa qulashi mumkin.

Shaharning eng ko‘p ko‘hna hududlaridan biri — ko‘plab tarixiy muhim binolar (masalan, Ayo Sofiya va Ko‘k masjid) joylashgan Fatihda esa yanada jiddiyroq talofatlar yuz berishi mumkin: ushbu tumandagi binolarning 72 foizi zilzilaga bardosh bera olmasligi, 1,5 ming kishi halok bo‘lishi mumkin.

Eng yomon ssenariy bo‘yicha, professor Tuysuzning so‘zlariga ko‘ra, falokat hududi Istanbulning 40 foiz hududini qamrab oladi, shaharga yopiriladigan sunamining balandligi esa yetti metrga yetishi mumkin.

Istanbul meriyasining 2021 yili taqdim etilgan boshqa bir hisobotida 7,5 magnitudali zilzila oqibatida shahardagi taxminan 209 mingta bino to‘liq yo qisman vayron bo‘lishi mumkin (shahardagi binolar soni 1,16 mlndan ortiq). Bu — shaharning salkam 3 mln aholisi boshpanasiz qoladi, degani. Ekspertlarning fikricha, 2000 yilgacha bo‘lgan davrda qurilgan va hozirda ma’lum bo‘lgan seysmik tahdidlarni hisobga olinmay qurilgan ko‘p qavatli uylar eng yuqori risk zonasidadir. Istanbulda bunday binolar soin bir necha o‘n mingtani tashkil etadi. Amaldorlar tabiiy ofatdan ko‘rilishi mumkin bo‘lgan zarar miqdorini 17 mlrd dollarga baholagan.

O‘shanda meriya vakillari shahar uchun yerosti suvlari xaritasi ishlab chiqilgani, mutaxassislar esa bu suvlarni jabrlanuvchilarni vaqtincha joylashtirish hududlari (qutqaruv anjomlari va gumanitar yordam to‘plash punktlari, shuningdek, boshpanasidan ayrilgan aholi uchun chodirlar shaharchasi)ga olib kelish yo‘lini izlayotganini ma’lum qilgandi.

Bu rasmiylar nazdida tabiiy ofat oqibatlariga qarshi kurashishda yordam berishi mumkin bo‘lgan yagona tayyorgarlik chorasi emas. Masalan, Istanbulda favqulodda vaziyatlar ehtimoli uchun muntazam ravishda keng ko‘lamli o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi: shahar aholisining telefon raqamlariga zilzila haqida xabar yuboriladi, bu haqdagi xabarlarni telekanal va radiostansiyalar, masjidlar va munitsipalitetlardagi karnaylar eshittirib turadi. O‘tgan yili shaharning seysmik jihatdan eng xavfli hududlaridan biri hisoblangan Buyukchekmejeda sunamidan ogohlantirish tizimi ishga tushdi — bu tizim zarbadan besh-yetti daqiqa avval sunami to‘lqinlari paydo bo‘lgani haqida xabar bera oladi. Istanbuldagi eski binolarni rekonstruksiya qilish va yangilarini ishonchli qilib loyihalash ishlarini o‘n yildan ortiq vaqtdan beri Jahon banki qo‘llab-quvvatlab keladi — bu dastur bankka 550 mln dollarga tushgan.

So‘nggi yillarda Istanbulda tartibsiz qurilishlar faol olib borildi. Hukumat ehtimoliy ofatga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha o‘z rejalarini necha o‘n yillardan beri bajarmayapti

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan ishlarga qaramay, ekspertlarda rasmiylarga nisbatan e’tirozlar ko‘p. Turkiya muhandis-geofiziklar palatasi a’zosi, seysmolog Haluk Eyido‘g‘anning Reuters’ga tushuntirishicha, meriyaning bayonotlariga qaramay, kamida so‘nggi 15 yildan beri shaharda — eng avvalo yangi kelayotgan muhojirlarni joylashtirish uchun — tartibsiz qurilishlar olib borilmoqda.

Xususan, eski binolarni rekonstruksiya qilish bo‘yicha ko‘plab loyihalar ham yuqori xavf holatini keltirib chiqargan — chunki ta’mirlash ishlari vaqtida bu eski binolarning aksariyati ustiga yangi qavatlar qurilgan. Bu esa binoga tushayotgan yuklamani oshirgan va, katta ehtimol bilan, ularni seysmik chidamlilik standartlariga nomuvofiq qilib qo‘ygan. Birgina 2019 yili e’lon qilingan «qurilish amnistiyasi» doirasida shahar ma’muriyatiga 7,5 milliondan ziyod noqonuniy qurilish bo‘yicha ariza tushgan edi.

Istanbulning zilzila oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha 2003 yili ishlab chiqilgan master-plani so‘nggi bor 2018 yili yangilangan. Shahar zilzilalar bilan bog‘liq risklarni boshqarish departamenti boshlig‘i Tayfun Kahramanning tan olishicha, hozircha birorta ham bino master-plan talablari doirasida qayta qurilgani yo‘q. Ammo, uning va’da berishicha, istiqbolda 790 mingdan ziyod qurilma birdan risklarni baholash jarayonidan o‘tkaziladi. Bir qator binolar uchun ko‘tarib turuvchi konstruksiyalarni mustahkamlash, boshqalari uchun esa to‘liq rekonstruksiya yechim sifatida ko‘rsatilishi mumkin, degandi u.

Bosfor universiteti professori Do‘g‘an Kalafatning fikricha, bu ochiq-oydin kechikkan munosabat. Olim eng mo‘rt, ishonchsiz imoratlarni rekonstruksiya qilish ishlarini 2020 yilda to‘plab bo‘lingan axborot asosida butun turar joy fondini kompleks baholash yakuniga yetgunicha boshlashga chaqirgan.

Muhandis-geofiziklar palatasi vakili Haluk Eyido‘g‘an misol tariqasida Zeytinburnu tumani amaldorlarining sustkashligini ko‘rsatib o‘tgan. Ushbu tuman Shimoliy Onado‘li yorig‘ining xavfli qismi yaqinida joylashgan. Ushbu hududdagi qurilishlar sifati pastligi, ularni to‘liq rekonstruksiya qilish lozimligi, tumanda jabrlanuvchilar uchun jon saqlash vaqtinchalik boshpanalar tarmog‘ini tashkil etish zarurligi 2000 yillar boshida tayyorlangan master-plandayoq ko‘rsatib o‘tilgan. Ammo Istanbul ma’muriyati so‘nggi 20 yil davomida zilzilaga tayyorgarlik ko‘rish yo‘lida faol ishlar boshlashga jazm qila olgani yo‘q, deydi ekspert: «Reja tokchaga qanday qo‘yilgan bo‘lsa, shundayligicha qoldi, birov uni ochib qaragani ham yo‘q». Boz ustiga, so‘nggi yillarda ushbu tumanda badavlat xaridorlar uchun yangi ko‘p qavatli uylar qurildi. Aholining kam ta’minlangan, ehtiyojmand qatlami esa xavfli uylarda yashashda davom etmoqda, deydi Eyido‘g‘an.

Ijtimoiy tengsizlik qanday oqibatlar keltirib chiqarayotganini Okan Tuysuz The Guardian’ga bergan intervyusida ham aytib o‘tgan edi:

«Istanbulning Yevropa qismi yumshoq (zilzila ta’siri nuqtai nazaridan xavfsizligi past hisoblangan) tosh ustida, shimoliy va Osiyo qismi esa qattiq tosh ustida qurilgan. Mana nima uchun boylar o‘z villalarini (shimoldagi) Bosforda qurishni ma’qul ko‘rishadi».

Masalaning yana bir xavotirli tomoni shundaki, Istanbulning hamma aholisi ham bo‘lajak falokat haqidagi fikrni qabul qilishga tayyor emas. «Ko‘pchilik bunday istiqbolga fatalist kabi yondashadi: bo‘lsa bo‘lar — taqdir ekan-da, deb. Odamlar haqiqiy vaziyatni shunchaki e’tiborsiz qoldirib, shu yo‘l bilan xavotirini bosishga urinadi», — deya ushbu holatga izoh beradi psixolog Ibrahim Eke The Guardian’ga bergan intervyusida (u uch yil davomida Izmit zilzilasidan jabrlanganlarga ruhiy yordam ko‘rsatgan). Ayni vaqtda, uning qo‘shimcha qilishicha, Istanbulda tabiiy ofatga qarshi kurashish yo‘lida choralar ko‘ruvchi faol fuqarolar ham yo‘q emas — ular bara xavfsizlik choralarini ko‘rishadi va binolardan avariya chiqish yo‘llarini to‘sib qo‘ygan mashinalarni izlab, hatto ko‘chalarda patrullik ham qilishadi.