Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonda iqtisodiy boshqaruvni yaxshilash uchun 150 mln dollarlik kredit va 400 ming dollarlik grant ajratishni ma’qulladi, deya xabar bermoqda bank matbuot xizmati.

OTB Iqtisodiy boshqaruvni yaxshilash dasturining 2-fazasi birinchi kichik dasturi davlat sektori boshqaruvi islohotlaridagi bankning oldingi ko‘magini davom ettiradi va chuqurlashtiradi.

Dastur O‘zbekiston hukumatiga moliyaviy boshqaruvning samaradorligi va shaffofligini oshirish, davlat korxonalari boshqaruvi va faoliyatini takomillashtirish, shu jumladan, raqobatni rag‘batlantirish va ishonchli korrupsiyaga qarshi kurash va audit tizimlari yordamida davlat sektori hisobdorligini oshirish maqsadida huquqiy, tartibga solish va institutsional bazani isloh qilishga ko‘maklashadi.

Birinchi kichik dastur doirasidagi islohotlar fiskal xavf va davlat qarzini boshqarishni kuchaytirish, gender jihatlarni va yashil budjetni inobatga olgan holda budjetni tuzish orqali davlat resurslarini taqsimlashni yaxshilash hamda axborot texnologiyalariga asoslangan soliq boshqaruvi orqali ichki resurslarni safarbar qilishni yaxshilashga qaratilgan. Shuningdek, ular ijtimoiy himoya qamrovini kengaytiradi va korrupsiyaga qarshi kurash va audit tizimlari samaradorligini oshiradi.

Bundan tashqari, dastur O‘zbekistonning «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi. Aniq milliy reja hukumatga Parij kelishuvi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga, infratuzilmani modernizatsiya qilishga va ishchi kuchini «yashil» ish o‘rinlari uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarga o‘rgatishga yordam beradi, deyiladi xabarda.

«Davlat sektori investitsiyalari uchun fiskal maydon yaratish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirish va O‘zbekistonda xususiy sektorni rivojlantirish uchun qulay muhit yaratish uchun davlat korxonalarining moliyaviy shaffofligini oshirish, korporativ va professional boshqaruvini takomillashtirish va monopoliyaga qarshi kurash tizimlarni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi», — dedi OTBning davlat boshqaruvi bo‘yicha bosh iqtisodchisi Chidem Akin.

Shuningdek, 400 ming dollar miqdoridagi texnik ko‘mak granti islohotlarni amalga oshirishga yordam beradi.