Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi 7 fevral kuni qurilish standartlari buyicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalist va vazir o‘rinbosari suhbati aks etgan video yuzasidan ma’lumot berdi.

Gap shundaki, jurnalist qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Davron Adilovga mamlakatda qurilayotgan uylar qanchalik zilzilaga bardoshli ekani, necha ballgacha chidashiga kafolat borligi haqida savol bergan.

Bu yerda inson omili bor. Men 36 million odamning qilayotgan ishi uchun sizga garantiya bera olmayman. Men kafolatni davlat tomonidan o‘rnatilgan nazorat, joriy qilingan tartib-qoida va standartlar bo‘yicha bera olaman. Qurilish ishlariga javobgar organ birinchi bo‘lib uni qurgan buyurtmachi hisoblanadi. O‘zbekcha aytganda, obyektning egasi. obyektni qurayotgan «boy ota» 100 foiz mas’ul, — deya javob qaytargan mas’ul.

Shundan so‘ng Davron Adilovning javobi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Vazirlikning bildirishicha, taqdim etilgan videolavhada gap qurilishda javobgar, avvalo, buyurtmachi ekani xususida bormoqda. Chunki buyurtmachi texnik nazorat bo‘yicha mutaxassisni biriktiradi yoki ushbu faoliyat turini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan yuridik shaxsni shartnoma asosida jalb qiladi.

Shaharsozlik kodeksining 5-bob 26-moddasida qurilishni nazorat qilishda funksional majburiyatlar belgilab qo‘yilgan. Bunda shaharsozlik faoliyati subyektlari tomonidan qurilishga tayyorgarlik ko‘rish va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish hamda qurilish-montaj, ishga tushirish, sozlash ishlarini bajarish qat’iy nazorat qilinadi. Shuningdek, obyektni foydalanishga qabul qilib olish davrida shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga hamda shaharsozlik norma va qoidalari talablariga rioya etilishi tekshiriladi.

obyektlarni qurish chog‘ida qurilish ustidan davlat nazorati, buyurtmachining texnik nazorati, ishlab chiquvchining mualliflik nazorati va pudratchining ichki nazorati bo‘lishi talab etiladi. Belgilangan qonunchilikka ko‘ra, bino va inshootlarning zilzilabardoshliligiga ta’sir qiluvchi, shuningdek, fuqaro hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi konstruktiv qoidabuzarliklar aniqlangan hollarda, qurilish-montaj ishlari to‘xtatib qo‘yiladi hamda demontaj ishlarini amalga oshirilishi talab qilinadi.

Agar sifatsiz qurilish materiallari, konstruksiyalar hamda buyumlar qo‘llanilgan bo‘lsa, ularni ishlab chiqarishni, realizatsiya qilish hamda qo‘llashni to‘xtatib turish haqida tegishli davlat organlari va tashkilotlarga taqdimnomalar yuboriladi.

Bu jarayonlarda qurilishda nazorat inspeksiyasi tomonidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, ilmiy-texnik va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari ekspertlari ishtirokida davlat nazorati tartibida tekshiruvlar o‘tkaziladi.

Jumladan, obyektdagi ichki nazorat ishlari pudratchi tomonidan kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularni bartaraf etish va oldini olish maqsadida amalga oshiriladi.

Fuqarolik kodeksining tegishli moddalarida qurilish ishlarida sifatga kafolat berish hamda ular lozim darajada bajarilmagan taqdirda pudratchining javobgarligi ham belgilab qo‘yilgan.

Ta’kidlanishicha, loyiha tashkilotlari tomonidan qurilishlar hududning belgilangan seysmik baliga ko‘ra (7, 8, 9) rejalashtirilgan holda loyihalashtiriladi. Ekspertiza organlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarda obyektning loyiha smeta hujjatlari, yig‘ma ekspertiza xulosasi (bunda yong‘in xavfsizligi va seysmik bardoshliligi inobatga olinishi zarur) olinadi.