2023/2024 o‘quv yilidan boshlab professional va oliy ta’lim tizimida «Inson huquqlari», «Ayollar huquqlari» va «Bola huquqlari» bo‘yicha o‘quv va maxsus kurslar joriy etiladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining 7 fevraldagi inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorida belgilandi.

Mazkur o‘quv va maxsus kurslar joriy etiladigan kasb-hunar hamda oliy ta’lim tashkilotlarining aniq ro‘yxati 1 iyunga qadar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tomonidan belgilanadi. Bundan tashqari, 2023 yil 1 iyundan boshlab markaz tomonidan har yili «Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar» milliy tanlovi o‘tkazib boriladi.

1 maydan boshlab rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida inson huquqlari va gender tenglik bo‘yicha o‘quv kurslari (soatlari) joriy qilinadi.

Fevral oyida markaz tomonidan «Inson huquqlari» haftaligi o‘tkaziladi. Uni o‘tkazish dasturi bir hafta muddatda tasdiqlanishi kerak. Haftalik doirasida mahallalardagi yoshlar ishtirokida «Inson huquqlari — oliy qadriyat» mavzusida turli darajadagi ma’rifiy anjumanlar, davra suhbatlari bo‘lib o‘tadi.