Prezidentning 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi farmoni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Unda yil davomida mamlakat miqyosida quyidagi islohotlarni amalga oshirilishi reja qilingan.

Xalqimizning og‘irini yengil qilish, yanada qulayliklar yaratish va xarajatlarini tejash maqsadida 2023 yil 1 iyuldan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlarida «Aholi va tadbirkorlarga servis sifatini oshirish» chora-tadbirlari belgilanadi.

Vazirlar 15 kun muddatda o‘z tizimida masofadan turib, shu jumladan mobil ilovalar orqali ko‘rsatiladigan xizmatlarni ko‘paytirish, undiriladigan to‘lovlar miqdorini kamaytirish, talab qilinadigan ortiqcha hujjatlarni bekor qilish, ko‘rib chiqish jarayonlari va muddatlarini keskin qisqartirish, shaffoflikni oshirish, aholi va tadbirkorlar bilan doimiy muloqot maydonchalarini tashkil etish, xodimlarning muomala madaniyatini yuksaltirish, tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishga o‘qitish bo‘yicha tadbirlar dasturini tasdiqlab, aholi va tadbirkorlarga e’lon qiladi.

Adliya vazirligi (A.Tashkulov) va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (O.Xasanov) bir oy muddatda davlat organlari va tashkilotlarining aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan servis xizmati sifatini oshirish borasidagi faoliyatini reyting baholash tizimini joriy etish vazifasi yuklatilmoqda.

Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan an’anaviy tarzda ko‘rsatiladigan qo‘shimcha 200 ta davlat xizmatlarini davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Buning natijasida elektron shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 73 foizga yetkaziladi. Hozirda esa, mavjud 770 dan ortiq davlat xizmatlaridan 262 tasi davlat xizmatlari markazi, 370 tasi (50 foiz) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilmoqda.

Bundan tashqari, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari (nogironligi bo‘lgan shaxslar, og‘ir bemorlar, keksalar va boshqalar)ga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi davlat xizmatlarini doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyiga chiqish orqali, ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmagan holda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Natijada, mazkur shakldagi davlat xizmatlari bilan 4 mlnga yaqin ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qamrab olinishi ta’minlanadi.

Farmonga asosan elektr, gaz va suv sarfi hisoblagichlarini qiyoslashdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini proaktiv tarzda (xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning o‘z tashabbusi bilan fuqaro murojaatini kutmasdan) ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish ham ko‘zda tutilgan.

Natijada, yiliga o‘rtacha 300 mingta ariza bo‘yicha elektr, gaz va suv sarfi hisoblagichini qiyoslashdan o‘tkazish xizmatlari proaktiv tarzda ko‘rsatilishi ta’minlanadi.

budjet mablag‘lari hisobidan jismoniy va yuridik shaxslarga subsidiya ajratish bilan bog‘liq barcha xizmatlarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatish, subsidiyalarni ajratishning maqsadga muvofiqligini maxsus elektron platforma orqali onlayn tekshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Masalan, 2022 yilda nodavlat bog‘chalar uchun elektron tizim orqali subsidiya ajratishga o‘tish orqali har oyda 20 mlrd so‘m iqtisod qilingan.

Jamoatchilik muhokamalari 17 fevralga qadar davom etadi.