O‘zbekiston va Qirg‘iziston ishchi guruhlari davlat chegarasini demarkatsiya qilish (belgilash) bo‘yicha muzokaralarni boshladi, deb xabar qildi seshanba kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Baxromjon Aloyev.

7 fevral kuni Toshkentda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi strategik sheriklik istiqbollariga bag‘ishlangan davra suhbati ochildi. Tadbir Markaziy Osiyo xalqaro instituti tomonidan tashkil etildi.

Bahromjon Aloyevning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda chegarani belgilash bo‘yicha ishchi guruhlarning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan, ikkinchi yig‘ilish yaqin kunlarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Vazir o‘rinbosari 2023 yilga mo‘ljallangan uchrashuvlar jadvali tuzilganini qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi oxirida O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaralarni delimitatsiya qilish jarayonini yakunlab, ratifikatsiya yorliqlarini almashgan edi. Chegara kelishuvi tafsilotlari haqida avvalroq yozgan edik.

Chegarani delimitatsiya qilish — qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi davlat chegarasini muzokaralar yo‘li bilan aniqlash, demarkatsiya esa joylardagi chegara chizig‘ini maxsus belgilar (to‘siqlar) bilan belgilashdir.