2023/2024 o‘quv yilidan boshlab respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu haqda joriy yilgi Davlat dasturi loyihasida keltirib o‘tildi.

Loyihaning 8-bandi ta’lim sifatini oshirish, sohani ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilishga qaratilgan. Yuqorida aytib o‘tilgan o‘zgarish natijasida joriy yilda bepul ovqat berish tizimi bilan 2,5 mln nafar o‘quvchini qamrab olish va ushbu maqsadlarga 2,7 trln so‘mga yaqin mablag‘ ajratish ta’minlanishi kutilmoqda.

2022 yilda Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida ushbu tizim bilan 273 ming nafar o‘quvchi qamrab olingandi.

Bundan tashqari, loyihada 2023 yil 1 sentabrdan boshlab har bir tuman (shahar)ning bittadan umumiy o‘rta ta’lim muassasasida o‘quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilishi ko‘rsatilgan.

Natijada 76 ta maktabda fransuz tili, 76 tasida nemis, 37 tasida ingliz, 10 tasida koreys, 6 tasida xitoy va 3 tasida yapon tillari ikkinchi xorijiy til sifatida o‘qitiladi. Shuningdek, o‘quvchilar 10-sinfdan boshlab 64 ta ishchi kasblar, 21 ta sohada tadbirkorlikka, 10 ta IT va «kreativ industriya» yo‘nalishidagi kasblarga o‘rgatiladi. Ushbu jarayonga yoshlar yetakchilari va hududdagi taniqli tadbirkorlar jalb qilinadi.

Shuningdek, 2023/2024 o‘quv yilidan bosqichma-bosqich umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida yangi o‘quv dasturlari amaliyotga kiritilishi rejalashtirilmoqda. Bunda

  • 1−4-sinflarda o‘quvchilarni xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish;
  • 5−9-sinflarda o‘quvchilarga umumta’lim fanlaridan tayanch bilimlar berish;
  • 10−11-sinf o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos bo‘lgan ixtisoslashgan dasturlar asosida bilim berish amaliyotini joriy qilish sanab o‘tilgan.

10−11-sinflarda 14 ta majburiy fanlardan haftalik yuklamasi 31 soatni tashkil etadi. Takomillashtirilgan o‘quv reja asosida 8 ta majburiy fan va 2 ta tanlov fan (kimyo-biologiya, matematika fizika, tarix-huquq, ona tili va adabiyot-chet tili) tanlash imkoniyati yaratiladi, — deya qayd etilgan loyihada.

Hozirda Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Unga 17 fevralgacha taklif kiritish mumkin.

Ma’lumot uchun, «Yuksalish» umummilliy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida tajriba-sinov tariqasida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash vazifasi joyiga chiqqan holda o‘rgangandi.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi XTV maktablarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat berish 11 noyabrdan boshlanishini ma’lum qilgandi. Jarayonlar hukumatning tegishli nizomi buzilishi ortidan g‘olib deb topilgan lotlar bekor qilinishi oqibatida kechikkani aytilgan.

Shuningdek, Quyi palata sessiyasida 2022 yildagi davlat budjeti hisobidan XTVga qo‘shimcha 922 mlrd so‘m ajratilishi ma’lum qilingandi. Shundan 106 mlrd so‘m Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 1−4-sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlantirish uchun, 400 mlrd so‘m esa darslik ijarasini budjetdan qoplash uchun yo‘naltirilishi ta’kidlangan.