Dushanba kuni tongda Turkiya janubida sodir bo‘lgan bir qator zilzilalarda o‘nlab odamlar halok bo‘ldi va yuzlab odamlar jarohat oldi.

Anadolu agentligining Twitter`da mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligiga tayanib xabar berishicha, soat 04:17 da Qahramonmarash viloyatining Pazarjik tumanida 7,4 magnitudali, 04:27 da Gaziantep viloyatidagi Nurdagi tumanida 6,6 magnitudali va 04:36 da shu viloyatning Islahiye viloyatida 6,5 magnitudali zilzila qayd etilgan.

zilzila, тuркия
Manba: twitter.com/anadoluagency.

Hodisa oqibatida kamida 50 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda, biroq qidiruv-qutqaruv ishlari davom etar ekan, bu raqam ortishi mumkinligi qayd etilgan.

The Guardian mahalliy hokimiyatlarning dastlabki ma’lumotlariga tayanib, Malatya viloyatida kamida 23 kishi (420 kishi jarohatlangan), Shanliurfada 17 (30), Diyarbakirda 6 (79) va Usmoniyda 5 kishi halok bo‘lganini yozmoqda. Shuningdek, Malatyada 140 ta uy vayron bo‘lgan.

Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu mamlakatda eng yuqori darajadagi ogohlantirish e’lon qilinganini ma’lum qildi. Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, jarohat olganlarga sog‘ayib ketishlarini tiladi. «Biz buni imkon qadar tezroq va minimal yo‘qotishlar bilan birga yengib o‘tishga umid qilamiz», — dedi u.

Yerosti silkinishlari Misrdan Gruziyagacha bo‘lgan qator boshqa mamlakatlarda ham sezildi, deb yozadi Anadolu. Sana agentligi keltirgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Suriya shimolida ham kamida 42 kishi halok bo‘lgan va 200 kishi yaralangan.