Toshkent metropolitenining O‘zbekiston yo‘nalishidagi to‘rtta poyezdiga bittadan vagon qo‘shildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga metropoliten matbuot kotibi To‘ychi Mirzayev ma’lum qildi. Bunday poyezd o‘rtacha 1300 yo‘lovchi, to‘rt vagonli poyezdlar esa 1000 tagacha yo‘lovchi tashishi mumkin.

«Hozir beshta vagonli to‘rtta poyezd mavjud. Ular tajriba sifatida mashinistlar ko‘nikishi uchun yo‘lga qo‘yilgan», — dedi To‘ychi Mirzayev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, tez orada besh vagonli 12 ta poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, yil oxirigacha yana 14 ta yangi «Moskva» zamonaviy poyezdlarini xarid qilish rejalashtirilgan.

To‘ychi Mirzayev, shuningdek, poytaxtdagi 31 ta oliy o‘quv yurtida yangi o‘qish jadvaliga o‘tishi metrodagi tirbandlik muammosini hal qilishga yordam berganini aytdi. Qaror yo‘lovchilar sonini tartibga solish uchun qabul qilingan. Dekabr oyining boshidagi qor yog‘ishidan keyin va yanvarning anomal sovuq kunlarida metroga talab oshdi.

Yangi jadval bo‘yicha 23 yanvar kuni o‘qish boshlanganidan so‘ng mutaxassislar bir hafta davomida yo‘lovchilar oqimining o‘zgarishini kuzatib borishdi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ertalabki tig‘iz soatlarda bekatlarda yuklama kamayib, o‘quvchilar darsga o‘z vaqtida borishga ulgurmoqda, dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tig‘iz vaqtda eng gavjum bo‘lgan Chilonzor yo‘nalishidagi bekatlarda faqatgina 30 foiz yo‘lovchi vagonlarga chiqa olayotgandi. Qolganlari keyingi poyezdni kutishga majbur bo‘lgan.

Ushbu liniyada joylashgan Olmazor bekatidan zaxira poyezdlari ham yo‘lga qo‘yildi. Ushbu choralar tufayli poyezdlar hozirda bekatlardagi o‘rtacha 80−85 foiz yo‘lovchini olib ketyapti.

Bundan tashqari, metropoliten poyezdlar intervalini qisqartirdi. Ertalab Chilonzor yo‘nalishida poyezdlar har 1,5−2 daqiqada, O‘zbekiston yo‘nalishida poyezdlar 3−4 daqiqa, Yunusobod yo‘nalishida 6−7 daqiqa intervalda harakatlanmoqda.