Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Turon Eco Cement tomonidan amalga oshirish rejalashtirilayotgan quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasiga oid taqdimot bilan tanishgan.

Ta’kidlanishicha, loyihani korxonaning o‘z mablag‘lari hamda bank krediti jalb etish hisobiga barpo etish ko‘zda tutilmoqda. Qiymati 98 mln dollar bo‘lgan loyiha amalga oshirilsa, yillik 400 mln. kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

fotoelektr stansiyasi, фарғона

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati

«Viloyat hokimi loyihani yakunlash muddatini taqdimotda qayd etilgan 2024 yil 2-choragi emas, 2023 yakuniga qadar belgilash lozimligini ta’kidlab, buning uchun har tomonlama ko‘mak berilishini bildirdi. Loyihani amalga oshirish uchun bank krediti ajratish masalasi ham ijobiy hal etiladigan bo‘ldi. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha mas’ullarga vazifalar belgilandi», — deyiladi hokimlik axborotida.

Avvalroq, Sirdaryo IESda quvvati 1,3 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgani haqida xabar berilgan edi. Bu esa qo‘shimcha 2,3 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish hamda yiliga 750 ming kub metr tabiiy gazni tejash imkonini berishi ta’kidlangandi.