Toshkentning Chilonzor tumani 7-mavzesidagi ko‘p qavatli uylarni bazalt qoplamalari bilan qoplab chiqish boshlandi. Anomal sovuq vaqtida poytaxt aholisi chiroqsiz va issiqliksiz qolib ketgach, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov yanvar oxirida 1991 yilgacha qurilgan ko‘p qavatli uylarning fasad qismini bazalt plitalari bilan qoplab chiqish dasturini qabul qilish haqida ko‘rsatma bergandi. Bazalt bilan qoplanishidan tashqari, bu uylarning kommunikatsiya tarmoqlari ham yangilanishi ko‘zda tutilgan. «Gazeta.uz» muxbirlari Chilonzorda bo‘lib, uylarni sovuq o‘tmaydigan qilish jarayoni qanday kechayotgani va odamlarning bu yangilik haqidagi fikrlarini o‘rgandi.

Sovuq o‘tmaydigan inshootga aylantirilish uchun dastlabki nomzodlar — to‘rt qavatli beton domlar — qurilish havozalari bilan qurshab olingan. 10 kunda ishni tugatishi kerak bo‘lgan ishchilar batartib harakat qilmoqda: birlari bazalt qoplamalarni yetkazib berayotgan bo‘lsa, boshqalari ularni devorga qotirmoqda.

Ishchilar dastlab derazalardan panjara va bo‘g‘ot («koziryok»)larni yechib olgan. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jalik vazirligining shartnomaviy bozor va qurilish sanoatini rivojlantirish bo‘limi yetakchi mutaxassisi Anvar Usmonovning so‘zlariga ko‘ra, aholi o‘z panjaralari taqdiridan, qaytib o‘rnatib beriladimi-yo‘qmi, deya tashvishga tushgan. «Ular tashvishlanmasligi uchun biz alohida joy ajratib, panjaralarni o‘sha yerga tartib bilan qo‘yib chiqdik, aralashib ketmasligi uchun har birini raqamladik. Ishlar tugaganidan keyin panjaralarni o‘z o‘rniga qaytib o‘rnatamiz», — dedi u.

bazalt, чилонзор, энергия самаradор uy, энергия самаradорлиги

Panjaralar olingach, devorlar — yelim yaxshiroq yopishishi uchun — eski bo‘yoq izlari va kirlardan tozalanmoqda. Shundan so‘ng devor betonokontakt qorishmasi bilan qayta ishlanyapti.

Bazalt qoplamalarini devorga yopishtirishdan avval ularga taxminan yarim santimetr qalinlikda — devorning qanchalik to‘g‘ri-qiyshiqligidan kelib chiqib — tarkibida yelimi bor qorishma surtilmoqda.

bazalt, чилонзор, энергия самаradор uy, энергия самаradорлиги

Plitalar devorga quruvchilar orasida «zontik» yoki «qo‘ziqorin» deb ataladigan keng qalpoqchali dyubel-mixlar bilan qoqilmoqda.

«Har kvadrat metr joyga kamida beshta „zontik“ qoqyapmiz», — dedi Anvar Usmonov.

Devorga qotirilgach, bazalt bloklarga yana bir qavat yelim surtilib, ustidan suvoqlash uchun armaturali karkas (to‘r) yotqizilyapti.

bazalt, чилонзор, энергия самаradор uy, энергия самаradорлиги

«Hozircha reja bo‘yicha ketyapmiz, lekin panjaralar va qurib bitkazilmagan balkonlar kabi ko‘proq vaqt oladigan kutilmagan holatlar ham uchrab turibdi», — deya tushuntirdi mutaxassis.

bazalt, чилонзор, энергия самаradор uy, энергия самаradорлиги

Suvoqdan so‘ng devorlar yo bo‘yaladi, yoki dekorativ shpaklyovka bilan qoplanadi — «qanday qaror qabul qilinishini hozircha bilmayman, nima deyishsa — shu», dedi Qurilish vazirligi vakili.

Uylarning tomiga suvni qochiradigan ariqchalar, devorlariga esa tarnovlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Anvar Usmonovning ta’kidlashicha, normativlarga mos texnologiyalar qo‘llaniladi.

Uylarni ichkaridan ham sovuq o‘tmaydigan qilish kerakmi, ko‘chadagi bazaltda mog‘orlar hosil bo‘lmaydimi, u bo‘kib qolmaydimi, degan savollarni mutaxassis boshini chayqab rad etadi.

«Mog‘or uyni aynan ichkaridan bazalt bilan qoplagandagina paydo bo‘ladi, chunki xonadon ichida harorat tashqaridagidan ko‘ra ko‘proq o‘zgarib turadi… Bazalt tashqi tomondagi suvdan suvoq va bo‘yoq bilan himoyalangan», — deya ta’kidladi mutaxassis.

Loyiha doirasida ustalar ish olib borayotgan uylardan birining aholisi bu ishlardan norozi emasligini bildirdi. «Issiq bo‘ladi. Qarang, batareyalar hali ham sovuq, bir hafta avval esa bundan ham sovuqroq edi, muzlab o‘tirgandik», — deydi xonadonlardan birining egasi.

bazalt, чилонзор, энергия самаradор uy, энергия самаradорлиги

Sovuq o‘tmaydigan qilinishidan tashqari bu uchta «dom»ning quvurlari va elektr simlari ham yangilanadi. Uylar oldidagi hovlilarga bolalar uchun yangi arg‘imchoqlar ham olib kelingan.

Quruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, bundan keyin ko‘p qavatli uylarni sovuq o‘tmaydigan qilish ishlari Chilonzor tajribasi asosida davom ettirilishi mumkin. Quruvchilar hozirgi jarayonda duch kelgan barcha muammoli masalalarni loyihachilar ko‘rib chiqqanidan so‘ng, uylarni issiqlik saqlaydigan qilish ishlari davom ettiriladi.