Xorazm viloyatida fermer xo‘jaligi rahbari o‘ziga ajratilgan ekin yerida noqonuniy sun’iy ko‘l tashkil qilib kelgani aytilmoqda. Bu viloyat prokuraturasi tomonidan olib borilgan tekshirish davomida aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura.

Fermer Bog‘ot tumani hokimi qaroriga asosan o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan «M.R.» xo‘jaligiga 46 yil muddatga ijara huquqi asosida ajratilgan jami 29,8 gektar ekin yerining 7,3 gektar sug‘oriladigan qismida noqonuniy ravishda sun’iy ko‘l tashkil qilgan.

Buning ortidan u qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligiga yo‘l qo‘yib, davlat va jamiyat manfaatlariga 1 mlrd 822 mln so‘m miqdorida zarar yetkazgan.

Holat yuzasidan rahbarga nisbatan Jinoyat kodeksining 197-moddasi (Yerdan foydalanish shartlarini yoki ularni muhofaza qilish talablarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borishga kirishildi. Agar uning aybi tasdiqlansa, BHMning 50−100 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.