30 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkentning Olmazor tumani sudi diniy qo‘shiqlarni tarqatgan 22 yoshli yigitni besh yilga ozodlikdan mahrum qildi, deb xabar berdi Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati.

Ochiq sud majlisida Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismining «g» bandi ayblangan S.R. (2001 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan, Toshkent davlat texnika universiteti 4-kurs talabasi, muqaddam sudlanmagan)ga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, S.R. Telegram bot orqali ko‘chirib olingan aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘irilgan, shahid bo‘lish orzulari ekani haqidagi va boshqa mazmundagi audioqo‘shiq (nashida)ni tanishiga tarqatish maqsadida yuborgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan berilgan xulosaga ko‘ra, diniy mazmundagi S.R. tarqatgan diniy qo‘shiq (nashida) aqidaparastlik g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, bu kabi diniy materialni mamlakat hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlangan.

Sudlanuvchi sud majlisida dastlabki tergov jarayonida qiynoqqa solingani haqida ko‘rsatma bermagan.

Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlik uchun qonunda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. S. R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, modda sanksiyasida nazarda tutilgan jazodan ham kamroq jazo tayinlash uchun asoslar yetarli bo‘lmagan.