31 yanvar kuni Toshkent shahrining Yangihayot tumanida zo‘rlik va qotillik alomatlari bilan 12 yoshli qizning murdasi topilgani haqida xabar berilgandi. Xalqaro press-klubning 1 fevral kungi sessiyasida senator Gulnora Marufova ushbu holatga nisbatan munosabat bildirdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Yangihayot tumanidagi qizcha bilan bog‘liq masala hammamizni larzaga keltirdi. Bu holatni eshitgan odam o‘ziga kelolmaydi. Buni normal holatdagi odam hech qachon [oqlamaydi] va, albatta, qoralaydi. Ona bo‘ladimi, buvi bo‘ladimi, umuman olganda, jamiyatimizdagi har bir odam buni [qoralaydi]. Avvalo, bunday holat hech kimning boshiga tushmasin. [Qizchaning] ota-onasiga ham to‘zim bersin, bu juda og‘ir holat», — dedi senator.

Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Gulnora Marufova qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilayotganini ham ta’kidladi.

«Nega biz qonunchilikni kuchaytiryapmiz? Qonunga itoat etish, shu kabi jinoyatlarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish masalalarida ham bizning komissiyamiz ishlar olib boryapti. Qonunchilikka o‘zgartirishlar kirityapmiz. Bu borada komissiyada juda katta ishlar, tortishuvlar, bu masalalarga har tomonlama yondashuv bo‘lyapti», — dedi u.

Avvalroq Toshkent shahri Oila va xotin-qizlar boshqarmasi Yangihayotdagi qotillikdan so‘ng ota-onalarga murojaat qilgandi. Boshqarma ulardan farzandlarining maktabga borish-kelishida hamrohlik qilishni hamda doimo aloqada bo‘lishni so‘ragan.