1 fevral, chorshanba kuni Angliyada mehnat sharoitidan norozi o‘qituvchilarning so‘nggi 10 yildagi eng yirik ish tashlashi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi BBS. Unda 200 mingdan ortiq o‘qituvchi ishtirok etdi, deb yozmoqda The Independent gazetasi.

Buyuk Britaniyadagi ta’lim xodimlarining eng yirik kasaba uyushmasi — Milliy ta’lim ittifoqiga a’zo pedagoglardan tashqari, universitet professorlari, poyezd mashinistlari, avtobus haydovchilari va davlat xizmatchilari ham ish tashlashga chiqqan.

Maktablarning yarmidan ko‘pida yo davomat cheklangan, yoki namoyishlar davomida yopilgan. Buyuk Britaniya ta’lim vazirligi 1 fevral kuni maktablarning 43,9 foizi to‘liq ochiq, 42,8 foizi ochiq, ammo davomat cheklangani, 8,9 foizi esa butunlay yopiq ekanini ma’lum qildi.

«Kasaba uyushmalari bilan muzokaralar davom etmoqda. Men ish haqi va hajmi, ishga olish, ishda saqlab qolish va boshqalarni muhokama qilishni davom ettiraman», — dedi Britaniya ta’lim vaziri Jillian Kigan. U, shuningdek, maktablarning ishlab turishini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlari uchun direktorlardan minnatdor ekanini aytdi.

Kasaba uyushmasi hisob-kitoblariga ko‘ra, yetti kunlik namoyishlar 23,4 mingta maktab ishiga ta’sir qiladi. Ammo har bir maktab to‘rt kundan ortiq bo‘lmagan ish tashlashlarda qatnashishi mumkin.

Bu ish tashlashlar bo‘yicha yetti kunlikning birinchi kuni edi. Keyingisi 14 fevralga belgilangan.

Milliy ta’lim ittifoqi a’zolari ish haqini inflyatsiya darajasidan oshirish maqsadida sabotaj uyushtirgan. O‘qituvchilarning maoshlari so‘nggi o‘n yil ichida tushib ketdi, bu esa maktablarda ishga qabul qilish va xodimlarni ushlab turishda jiddiy inqirozga olib keldi. Moliyaviy tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2010 va 2022 yillar oralig‘ida katta o‘qituvchilarning ish haqi real holatda 13 foizga kamaydi, bu yiliga 6600 funt sterlingga teng degani.

2022 yilning yozida Buyuk Britaniya hukumati ko‘pchilik o‘qituvchilarning ish haqi taxminan 5 foizga, boshlang‘ich maoshlar esa 8,9 foizga oshishini e’lon qilgandi, ammo inflyatsiyani hisobga olgan holda Milliy ta’lim ittifoqi a’zolari taklifni rad etgan va ish tashlashda davom etish uchun ovoz bergan.