O‘zbekistonda xotin-qizlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holatlari kamaygan, ammo ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonlik ortib bormoqda. Bu haqda Xalqaro press-klubning 1 fevral kungi sessiyasida senator Gulnora Marufova ta’kidlab o‘tdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Gulnora Marufovaning ta’kidlashicha, mamlakatda ayollarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik ikki baravarga kamaygan.

«Buni Ichki ishlar vazirligidan oldik. Bu haqdagi ma’lumotlar shu vazirlik tomonidan oshkor bo‘ladi. Hozir ayollarga nisbatan ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonlik holatlari ko‘paymoqda, statistika buni ko‘rsatib turibdi. Lekin natija ham bo‘lyapti, masalan, jinsiy zo‘ravonlikni ikki baravarga kamaygan. Bu borada, albatta, qonun bo‘yicha ishlar olib borilyapti, tushuntirish ishlari bo‘lmoqda va bunga jamiyatimizning o‘zi ham befarq bo‘lmay, nafrat bilan munosabat bildiryapti», — dedi senator.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda xotin-qizlar, bolalar va keksa yoshdagi ota-onalar huquqlarini himoya qiluvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmaganlarning nomusiga tegish, zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni qondirish uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Xususan, ularga nisbatan amnistiya qo‘llanmaydi.