O‘zgidromet xizmati bergan shoshilinch axborotga ko‘ra, 2−5 fevral kunlari Qamchiq va Taxtaqoracha dovonlarida qor yog‘ib, yaxmalak yuzaga kelishi mumkin.

Keltirilishicha, A-373 Toshkent-O‘sh avtoyo‘lining Qamchiq dovoni xududida va M-39 Toshkent-Shahrisabz-Termiz avtoyo‘lining Taxtaqoracha (Kitob) dovonidan o‘tgan qismida qor yog‘ishi, vaqti-vaqti bilan kuchli yog‘ingarchilik, tuman kuzatilishi, ko‘rinuvchanlik 50 metrgacha pasayishi, shamol tezligi 15 — 20 m/s gacha kuchayishi, yaxmalak va qor uyumlari yuzaga kelishi mumkin.

Shuningdek, 2−6 fevral kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik hamda havo haroratining sezilarli o‘zgarishlari sababli respublikaning tog‘li hududlarida, jumladan:

  1. Qashqadaryo viloyati: Kitob, Shahrisabz, Qamashi, Dehqonobod tumanlarida;
  2. Surxondaryo viloyati: Qumqo‘rg‘on, Sariosiyo, Uzun, Boysun tumanlarida;
  3. Jizzax viloyati: Zomin, Baxmal tumanlarida;
  4. Toshkent viloyati: Parkent, Ohangaron, Bo‘stonliq tumanlarida va Chotqol tizmasining Chimyon tog‘larida;
  5. Namangan viloyati: Pop tumanida;
  6. Farg‘ona viloyati: So‘x, Farg‘ona tumanlarida qor ko‘chish xavfi elon qilindi.

Avvalroq yanvarning oxirgi kunlaridagi sovuq fevral boshida ham saqlanib turishi, bu oyda yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lishi, ba’zi joylarda yomg‘ir qorga aylanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Fevral oxirigacha harorat kechalari +2…−5 darajagacha, kunduzi +2…+17 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.