31 yanvar kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Slovakiyaning favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Viktor Boretskiyni qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda Slovakiya diplomatik vakolatxona rahbarining ishonch yorliqlari nusxasini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Baxtiyor Saidov elchini tabriklab, O‘zbekiston-Slovakiya munosabatlarini yanada mustahkamlash yo‘lida samarali faoliyat hamda muvaffaqiyat tiladi.

Muzokaralar doirasida iqtisodiy diplomatiyani faol rivojlantirishga o‘zaro tayyorlik tasdiqlandi. Ta’kidlanganidek, tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari ikki mamlakatning mavjud iqtisodiy imkoniyatlari, inson va ishlab chiqarish resurslari darajasiga muvofiq emas. Shu nuqtai nazardan, savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Slovakiya idoralararo komissiyasining majlisini o‘tkazish zarurligi qayd etildi.

Elchi rasmiy Bratislava O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida, shuningdek, O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida bitim tuzishni jadallashtirishda qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Slovakiyaning avvalgi elchisi Yan Bori dekabr oyida Toshkentdagi diplomatik missiyasini yakunlagan. U elchixonani besh yil boshqargan.