Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 fevral kuni andijonliklar bilan uchrashuvda mamlakatda energetka tizimi bilan bog‘liq muammolar va ularning yechimlari to‘g‘risida gapirdi.

Qayd etilishicha, mamlakat iqtisodiyoti va aholi o‘sishi bilan elektr iste’moli ham kundan-kunga oshmoqda. So‘nggi besh yilda yurtimizda xonadonlar 1,2 mln taga ko‘paydi, korxonalar soni esa 260 mingtaga yetgan. Bular elektr energiyasiga bo‘lgan talabni 35 foizga oshirdi. Xususan, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida elektrga talab 40 foizga ko‘paygan.

«Nima uchun mas’ul rahbarlar o‘z hududida yetishmovchilikni qoplash, «yashil energiya»ni joriy qilish, tejamkorlik haqida o‘ylamagan?» — deya davlat rahbari so‘zlaridan iqtibos keltirdi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Prezident Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari misolida aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha qator takliflarni bildirdi.

Jumladan, joriy yil Pop va Farg‘ona tumanlarida 600 Megavattli 2 ta quyosh stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Andijonda 41 ta, Namanganda 32 ta va Farg‘onada 27 ta mikro gidroelektr stansiya qurish imkoniyati bor.

Davlat rahbari yirik korxonalarda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, umuman, ularni elektr bilan o‘zini o‘zi ta’minlashga o‘tkazish kerakligini ta’kidladi.

Ijtimoiy obyektlarda quyosh energiyasidan foydalanish uchun alohida kompaniya tashkil etiladi. Unga 200 mln dollar mablag‘ beriladi. Kompaniya quyosh panellari va suv isitish qurilmalarini o‘zi o‘rnatadi hamda budjet korxonasiga «yashil energiya» sotadi. Shuningdek, ijtimoiy obyektlardagi 3 mingta eskirgan qozonlarni zamonaviy uskunaga almashtirish zarurligi qayd etildi.

Xususan, quyosh va shamol elektr stansiyalari sohasida yirik loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish zarur, dedi u. 2023 yilda Pop va Farg‘ona tumanlarida 600 MVt quvvatga ega ikkita quyosh elektr stansiyasini qurish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Yangi Andijon shaharchasidagi 192 ta ko‘p qavatli uy va 6 ta ijtimoiy obyektni kafolatlangan issiqlik bilan ta’minlash uchun quvvati 20 MVt bo‘lgan ko‘mirda ishlaydigan kogeneratsiya uskunalarini o‘rnatish belgilangan. Unga ko‘ra, mazkur stansiya issiqlik bilan birga yiliga 80 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Birinchi bosqichning ishga tushirilishi joriy yilning dekabr oyida kutilmoqda.

Prezident Farg‘ona vodiysi hududlarida quvvati 160 MVt bo‘lgan quyosh panellari va 100 mikro GESlar qurilishini ham ma’lum qildi.

1 iyulga qadar tadbirkorlar jalb etilib, Andijonda 41 ta, Namanganda 32 ta, Farg‘onada 27 ta mikro GES qurilishi boshlanadi.

Bu ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va masalalarni hal etish uchun viloyatlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari mas’ul bo‘ladi. Ular boshqa barcha ishlardan ozod qilinadi. Ularga respublika banklari rahbarlari ham biriktiriladi.

Shavkat Mirziyoyev davlat sektori obyektlarida «Quyosh energiyasidan foydalanish» alohida korxonasi tashkil etilishini ma’lum qildi. Unga 200 mln dollar ajratiladi. Quyosh panellari va suv isitgichlarini o‘zi o‘rnatib, «yashil energiya»ni davlat korxonasiga sotadi.

Xabar qilinishicha, tadbirkorlarga ushbu sohaning rentabelligini tushuntirish, ularni «yashil» loyihalarga jalb etish rejalashtirilgan. Xususan, kichik o‘lchamli quyosh batareyasidan olinadigan 1 kVt/soat elektr energiyasining o‘rtacha narxi 450 so‘m bo‘lib, uni budjet tashkilotiga 800 so‘mdan sotish mumkin, deyiladi yig‘ilishda.

Vodiyning 1408 ta yirik korxonasini ham to‘liq qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu viloyatlar hokimlari, Energetika vazirligi va soha rahbarlari uchun ustuvor vazifaga aylanishi kerak, deb hisoblaydi prezident.

O‘zbekiston sanoat korxonalarida quyosh panellari o‘rnatish va kichik stansiyalar qurish uchun xalqaro moliya tashkilotlaridan 2 mlrd dollar jalb qilmoqchi.

Aholini rag‘batlantirish maqsadida «Quyosh energiyasidan foydalanishning jozibador tizimi»ni yaratish taklif etilmoqda.

Farg‘ona vodiysidagi uylarida quyosh batareyalari yordamida elektr energiyasi ishlab chiqargan va uni davlat tarmoqlariga sotgan aholiga har bir kVt/soat uchun 1000 so‘mdan (hozir 295 so‘mdan) to‘lanadi.

Shavkat Mirziyoyev barcha ijtimoiy soha obyektlaridagi 3 mingta eski qozonni zamonaviy jihozlarga almashtirish zarurligini ta’kidladi. Joriy yilda davlat-xususiy sheriklik asosida 250 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Davlat rahbari, shuningdek, yiliga 120 mln kub metr gaz iste’mol qiladigan 170 ta issiqxona xo‘jaligi va 64 ta g‘isht ishlab chiqaruvchi korxonani ko‘mirga o‘tkazishni tezlashtirish zarurligini ta’kidladi.