O‘zgidromet xizmati agentligi hafta davomida — 30 yanvar-3 fevral kunlari kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

Dushanba kuni respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kunning o‘rtasiga kelib +7…+10 darajagacha ko‘tariladi.

Seshanba kuni O‘zbekistonga O‘rta dengiz hududlaridan nam va deyarli iliq havo massalari kirib kelishi kutilmoqda, buning natijasida respublika bo‘yicha hafta davomida beqaror ob-havo bo‘ladi.

1 fevraldan 3 fevralgacha O‘zbekiston bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik, asosan yomg‘ir ko‘rinishida bo‘ladi, 1−2 fevralda Samarqand, Jizzax, Toshkent viloyatlarida ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) kuchli bo‘ladi.

31 yanvar va 1−2 fevral kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Navoiy, Samarqand, Jizzax viloyatlarining ayrim joylarida shamol tezligi 25−28 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati hafta davomida me’yor atrofida bo‘ladi va kechalari −1…+4 darajani, kunduz kunlari +5…+10 darajani tashkil etadi.

Poytaxtda dushanba kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat +7…+9 daraja bo‘ladi. 31 yanvar kuni biroz yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi mumkin. Shamol 7−12 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 0…+2 daraja, kunduzi +7…+9 daraja bo‘ladi.

1−2 fevralda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Shamol tezligi 12−17 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat kechalari +2…+5 daraja, kunduz kunlari +5…+10 daraja bo‘ladi.