O‘zbekistonda 2022 yilda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 21,1 foizga oshib, 3 million 892 ming so‘mни tashkil etdi, deya xabar berdi Statistika agentligi.

O‘sish sur’ati 2021 yilga (+20,3%) va 2020 yilga (15%) nisbatan yuqori, lekin 2019 yilga nisbatan past (+27,5%) bo‘ldi.

Nominal hisoblangan ish haqi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan korxona va tashkilotlarning (qishloq xo‘jaligi korxonalari va kichik biznes subyektlari bundan mustasno) ma’lumotlari asosida hisoblanadi. O‘rtacha ish haqini aniqlash uchun mehnat daftarchalari bo‘lgan xodimlarning daromadlari, shuningdek, ularga beriladigan nafaqalar, mehnatga haq to‘lash, rag‘batlantirish va kompensatsiya to‘lovlari, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va kasaba uyushma jamg‘armasiga ajratmalar hisobga olinadi.

O‘tgan yil davomida eng kam oylik ish haqi faqat 1 iyunda oshib, 920 ming so‘mga yetgandi.

oylik ish haqi, статистика

Hududlar bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha ish haqi Toshkent shahrida saqlanib qoldi, poytaxtda o‘rtacha nominal oylik ish haqi yil davomida 28,2 foizga oshib, 4,94 million so‘mdan 6,31 million so‘mga o‘sdi. Keyingi o‘rinlarni, avvalgidek, 5,12 million so‘m bilan Navoiy (+11,9 foiz) va 3,94 million so‘m bilan Toshkent viloyatlari (+14,5 foiz) egalladi.

Eng past ko‘rsatkichlar Samarqand (2,94 mln so‘m, +21,7%), Farg‘ona (2,9 mln so‘m, +18,8%), Namangan (2,92 mln so‘m, 20,6%) va Surxondaryo viloyatlarida (2,95 mln so‘m, +22%) qayd etildi.

Poytaxt va hududlar o‘rtasidagi ish haqi farqi kengayishda davom etmoqda. Xususan, viloyatlar kesimida eng yuqori (Toshkent) va eng kam ish haqi (Farg‘ona viloyati) o‘rtasidagi farq 2,18 barobarga yetdi. 2021 yilda bu ko‘rsatkich 2,06 barobar, 2020 yilda esa 1,97 barobarni tashkil qilgan.

oylik ish haqi, статистика

Faqatgina poytaxt, Navoiy va Toshkent viloyatlarida o‘rtacha ish haqi respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori. Shu bilan birga, Toshkent viloyatida ko‘rsatkich 6,7 foizdan 1,4 foizga tushgan.

Faoliyat turlari bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha ish haqi bank, sug‘urta, lizing va kredit vositachilik sohalariga to‘g‘ri keladi (10,8 million so‘m, +30%). Keyingi o‘rinda axborot va aloqa sohasi (7,55 million so‘m, +35,5%).

oylik ish haqi, статистика

Eng past o‘rtacha oylik ish haqi sog‘liqni saqlash (2,61 million so‘m, +21%) va ta’lim (2,69 million so‘m, +16,5%) sohalarida qayd etildi. Shu bilan birga, oliy ta’lim sohasida ko‘rsatkich boshqa ta’lim sohalariga qaraganda ancha tez o‘sdi. «Gazeta.uz» avvalroq o‘qituvchi va shifokorlarning maoshi boshqa sohalarga qaraganda sekinroq o‘sib borayotganini ta’kidlagan edi.

Shu bilan birga, ko‘rsatkichi 5,07 million so‘mga (+20 foiz) yetgan tashish va saqlash sohasi sanoat (4,92 million so‘mni, +15 foiz) va qurilish sohalarini (4,69 million so‘m, +18,4 foiz) quvib o‘tdi. Ushbu sohada ish haqining keskin o‘sishi Xorazm viloyatida sodir bo‘ldi — 6,48 million so‘m (+36,4%). Tezroq o‘sish sur’atlari ombor xo‘jaligi va yordamchi transport faoliyatiga to‘g‘ri keldi (8,46 million so‘m).

Savdo sohasida o‘rtacha ish haqi 3,94 million so‘mgacha (+23,9%) oshdi. Eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi Toshkent shahrida (4,68 million so‘m) kuzatildi. Bu boradagi eng yuqori ko‘rsatkich oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, ichimliklar va tamaki ulgurji savdosida (5,47 million so‘m), eng past ko‘rsatkich chakana savdoda (avtomobil va mototsikllar savdosidan tashqari) 3,65 million so‘mni tashkil etdi.

Axborot va aloqa sohasida eng yuqori ish haqi kompyuter dasturlash sohasida kuzatilmoqda (13,95 million so‘m, +61,6%), bu ko‘rsatkich 2020 yildan buyon jadal o‘sib bormoqda. Toshkent shahridagi mutaxassislar sohada eng ko‘p daromad oluvchilar (9,14 million so‘m) hisoblanadi.

Sanoat sohasida Navoiy viloyatidagi xodimlar, transport sohasida Xorazm viloyatidagi xodimlar, qurilish, ko‘ngil ochish va dam olish sohalarida Toshkent viloyatlaridagi xodimlar eng ko‘p maosh oladi. Boshqa tarmoqlarda Toshkent yetakchilik qilmoqda.