Sanitariya epidemiologiya xizmati o‘zini SES xodimlari deya tanishtirayotgan shaxslar kelib chiqishi noma’lum dorilarni sotayotganidan ogohlantirdi.

Xususan, poytaxtning Mirobod tumanidagi «Movarounnahr» mahallasida o‘zlarini «Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tuman bo‘limi xodimimiz (SES)» deya tanishtirib, turli hasharotlarga qarshi dorilarni pullayotgan shaxslar paydo bo‘lgani xabar qilindi.

«Videoda ko‘rsatilgan „soxta SES xodimlari“ Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Toshkent shahar boshqarmasi, Toshkent shahar Dezinfeksiya stansiyasi va tuman hududiy bo‘limlarida faoliyat yuritmaydi», deyiladi xabarda.

Shu kabi holatlar yuz bersa, fuqarolar ulardan:

  • xizmat guvohnomasi;
  • qaysi tashkilot yoki boshqarmada faoliyat yuritishi;
  • zararsizlantiruvchi vosita sotishi va sotib olishga asos so‘rashga haqli.

Shuningdek, SESning 78 8880101 (050), Toshkent shahar boshqarmasining 71 248−12−43 telefon raqami yoki Toshkent shahar IIB va hududiy bo‘limlariga xabar berib, ushbu holat haqida arz qilish mumkin.