Surxondaryo viloyati Qo‘mqo‘rg‘on tumanida maktab o‘qituvchisining kartasidan uning hamkasbi 1,5 mln so‘m pul yechib olib, «1xBet» onlayn qimori uchun ishlatib yuborgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda.

1978 yilda tug‘ilgan va maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi hisoblangan fuqaro A.V. IIBga ariza bilan murojaat qilib, jinoyatchiga qonuniy chora ko‘rishni so‘radi.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni shu tumanda yashovchi fuqaro sodir etgani aniqlandi. U jabrlanuvchi bilan bir maktabda ishlagan. Fuqaroning bank kartasi ma’lumotlari va SMS-xabarnomasini qo‘lga kiritib, to‘lov tizimlaridan foydalangan va barcha pullarini «1xBet» onlayn o‘yinida yutqazib qo‘ygan.

Hozirda fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Agar uning aybi tasdiqlansa, u BHMning 50 baravarigacha jarima (15 mln so‘m) to‘lashi yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.