Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Tashkent Index`dagi talabalar ayrim oliy ta’lim muassasalari tomonidan yotoqxonalarga ko‘chirilgani ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilinayotganini bildirdi.

2022−2023 o‘quv yili boshida Tashkent Index savdo majmuasida talabalar vaqtincha turishi uchun sharoit yaratilgandi. O‘tgan davr mobaynida aksariyat oliy ta’lim muassasalari tomonidan talabalar turar joylarida qo‘shimcha yotoq o‘rinlari yaratilib, ko‘chish istagini bildirgan talabalar ko‘chirib o‘tkazildi.

Shu kunlarda sovuq havo haroratida majmua yetarli sharoitga ega emasligi bois ko‘chirish ishlari oliy o‘quv yurtlari talabalar turar joylarida ko‘proq qo‘shimcha bo‘sh o‘rinlari yaratilishi, aksariyatida yangi yotoqxonalar barpo etilishi hisobiga yanada jadallashdi. Bunda Tashkent Index`da qolishni xohlovchi talabalar majburan chiqarib yuborilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ikki qavatli yotoq o‘rni tashkil etish hisobiga qo‘shimcha 139 o‘rinli, Toshkent davlat pedagogika universiteti tomonidan Oqtepa pedagogika kolleji talabalar turar joyida yangi 300 o‘rinli joy yaratilgan. Shu kabi boshqa oliy ta’lim muassasalari ham hozirda ichki imkoniyatdan kelib chiqib, qo‘shimcha o‘rinlar hozirlagan. Bundan tashqari, Toshkent davlat stomatologiya institutida 400 o‘ringa mo‘ljallangan yangi yotoqxona qurib, foydalanishga topshirildi.

Avvalroq «Gazeta.uz» Yangihayot tumanida joylashgan Tashkent Index majmuasidan fotoreportaj tayyorlagan edi. Majmua Toshkentda yotoqxona muammosiga duch kelgan talabalar uchun mo‘ljallgan bo‘lib, 10 ming o‘ringa ega ekani, ehtiyojga qarab joy 20 mingtagacha ko‘paytirilishi ma’lum qilingandi.