Human.uz nashri direktori Xurshid Daliyev (shuningdek Muxbir Daliyev blogi muallifi) va bosh muharrir Muslim Mirzajonov o‘zini «organ xodimlari» deb tanishtirgan shaxslar tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda nashr o‘zining Telegram kanalida xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, «organ xodimlari» jurnalistlarni Toshkent davlat agrar universiteti binosida joylashgan ofisdan olib ketishgan.

«Organ xodimlari» tomonidan ofisdagi eshiklar buzib kirilgan va ayni damda barcha ma’lumotlar, qurilmalar tintuv qilinmoqda, deyiladi xabarda.

Human.uz sayti muharrirlari «to‘satdan va ogohlantirishlarsiz» olib ketilgan barcha odamlarning salomatligi va ahvolidan xavotirda ekanini bildirgan. Nashr jurnalistlar bilan bog‘lana olmayapti.

«Tahririyat ushbu holatni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti siyosatiga mutlaqo zid va so‘z erkinligiga tahdid deb hisoblaydi. Human.uz sayti barcha OAV nashrlari, blogerlar va huquq faollarini ushbu tezkor xabarni yoritishda ko‘mak berishlarini so‘rab qoladi», — deydi nashr xodimlari.

Bundan tashqari, Human.uz tahririyati voqea yuzasidan rasmiy izoh berishni so‘rab huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan.

«Gazeta.uz» bu borada Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Bosh prokuraturadan ma’lumot so‘radi.

human.uz, журналистика, муслим мирзажонов, оав, хуршид далиев

Nashr ofis Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Quyi Chirchiq tumani bo‘limi tergovchisi E.Ablamurodov tomonidan muhrlangani haqida xabar berdi.

human.uz, журналистика, муслим мирзажонов, оав, хуршид далиев

Soat 13:30 dan Human.uz sayti ochilmay qoldi.