Toshkent viloyatidagi «Ohangaron» va «Maydontol» poligonlarida hosil bo‘ladigan gazdan elektr energiyasi ishlab chiqarish majmuasi qurilishi boshlandi. Bu haqda Tabiiy resurslar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Majmuaning poydevorini qo‘yish marosimida Koreya Respublikasining ushbu mamlakat atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri o‘rinbosari Yu Chechul boshchiligidagi delegatsiyasi, shuningdek, O‘zbekiston tabiiy resurslar vaziri o‘rinbosari Narzulla Oblamuradov, energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Axmedxadjayev hamda loyihani amalga oshiruvchi Sejin G&E kompaniyasi rahbari Li Kyung Yong ishtirok etishdi.

sejin g&e, chiqindi гази

Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur loyihani amalga oshirish natijasida, nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasidagi yagona bo‘lgan yirik maishiy chiqindi poligonlarida hosil bo‘ladigan chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarish stansiyasi tashkil etiladi.

Sejin G&E loyihaga 55 mln AQSh dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya mablag‘larini yo‘naltiradi. Majmua ishga tushganidan so‘ng kamida 16 MVt bo‘lgan elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

2018 yilda Sejin G&E tomonidan Toshkent viloyatidagi ikkita poligonda umumiy quvvati kamida 16 MVt — 10 dona 1560 kVt va 2 dona 500 kVt bo‘lgan poligon gazidan elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 12 ta generator va yordamchi uskunalar o‘rnatilishi haqida xabar qilingan edi.