Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida xonadondan ayol va uning jiyaniga tegishli jasadlar topildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

25 yanvar kuni soat 15:40 atrofida tumanning «Mustaqillikning 27 yilligi» mahallasida yashovchi 1960 yilda tug‘ilgan ayol K.A. va 2005 yilda tug‘ilgan talaba qiz S.K.ning murdalari qotillik alomatlari bilan topilgan.

O‘sha kuni viloyat prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a» bandi (Ikki yoki undan ortiq shaxsni qasddan o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tezkor-tergov guruhi tuzilib, jinoyatni fosh etish choralari ko‘rilmoqda.

Yuqorida keltirilgan jinoyatni sodir etish o‘n besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanadi.