O‘zbekistonda 2022 yilning o‘zida kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushgani aytildi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash mavzusidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Keltirilishicha, bunda hokim yordamchilari 1 mln nafar aholini kasb-hunarga o‘qitib, tadbirkorligini boshlashga ko‘maklashgan, daromadli ish bilan band qilgan. Shu davrda 200 mingga yaqin tadbirkorlik subyekti tashkil qilindi, 10 mingta korxona faoliyati kengaytirildi, 11 mingta korxona quvvati tiklandi, deyiladi xabarda.

Prezident bu ishlarni 2023 yilda davom ettirish, bandlikni ta’minlash bo‘yicha barcha tarmoq va hudud rahbarlariga aniq topshiriqlar berdi. Jumladan, 2023 yilda 5 mln nafar aholi bandligini ta’minlash, 2 millionta doimiy ish o‘rnini yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

«Misol uchun, Andijon viloyati joriy yilda investitsiya loyihalari hisobiga 40 mingta, paxta va g‘alladan bo‘shagan yerlarni aholiga bo‘lib berish hisobiga 75 mingta va mavsumiy ishlar orqali 200 mingta, mahallalarda mikromarkazlar tashkil etish, sanoat zonalarida ishlab chiqarishni kengaytirish va markaziy ko‘chalarni xizmatlarga ixtisoslashtirish, savdo-servis obyektlarini barpo etish hisobidan 135 mingta; oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar hisobidan 20 mingta ish o‘rinlari yaratishni reja qilgan», deya ta’kidlangan yig‘ilishda.

Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida kartoshkachilikni yo‘lga qo‘yib, 10 ming aholini daromadli ish bilan ta’minlash, bog‘larning sug‘orish tizimini tiklash hisobiga 2 ming, Ko‘kdalada tarvuz ekishni yo‘lga qo‘yib, 32 ming, Mirishkorda dala chetlariga tut ektirish hisobiga pillachilikda qo‘shimcha 6 ming aholini daromadli qilishni reja qilgan.

«Qolgan viloyatlar-chi? Bu borada hududlarning dasturlari bilan birma-bir tanishib chiqdim. Ochiq aytish kerak, ayrim viloyat, tuman va shahar hokimlari masalaning ichiga kirmagan», — dedi prezident.