Toshkent shahar prokurori lavozimida ishlab kelgan Ulug‘bek Qosimov 2022 yilning 26 dekabr kuni Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi. U 2023 yilning 7 yanvar kuni viloyatning Denov tumanida bo‘lib (Qosimov o‘z vaqtida Denov tumaniga ham hokimlik qilgan), fermer va klaster rahbarlarining ishlarini tanqidiy tahlil qilgan.

“Shudgor qilinmagan bir santimetr joy topsam, yerdan shu zahoti ayrilasiz”

Mahalliy blogerlardan biri uchrashuvdan videolavhalarni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan. Unda viloyat hokimi Denov tumanining ko‘rsatkichlari barcha yo‘nalishlar bo‘yicha pasayib ketganini ko‘rsatib, mahalliy paxta va g‘alla klasterlari vakillarini qoralayotganini, shuningdek, dalalarni paxta ekishga tayyorlamagan mas’ullarni qat’iy tanqid qilayotganini ko‘rish mumkin.

Quyida viloyat hokimining Denov qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari oldidagi chiqishining bir qismi matni bilan tanishish mumkin:

Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Qosimov Denov tumani qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari bilan uchrashuvda, 2023 yil 7 yanvar. Kadr: Denov tumani hokimligiSurxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Qosimov Denov tumani qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari bilan uchrashuvda, 2023 yil 7 yanvar. Kadr: Denov tumani hokimligi

Hamma fermer qulog‘iga qo‘yib olsin — erta kechgacha muddat. Abdusamad aka, uch kun ichida birortasida [shudgor qilinmagan] bir so‘tix yer qoladigan bo‘lsa, klasterdan ham ayrilasizlar, fermerlikdan ham ketadi.

Denovda klaster bo‘laman degan son mingta. Bu vallomat, agar oyog‘i yerdan uzilgan bo‘lsa, bu yerga kelishga jirkanadigan bo‘lsa, umuman kerak emas — yo‘qolsin! Denovda klaster bo‘lib ishlayman degan millionta. Denovdek tuman respublikada yo‘q. Bunday yer yo‘q hech qayerda. Bunday suv yo‘q. [Yer] takroriy ekinda turadimi, boshqami, men bilmadim.

Mana, “Sifat Tekstil” MCHJning o‘zida tomchilatib sug‘orish 433 gektar yerda qilingan, xolos. Qolganini kim qiladi? Qani bu klaster? Termizga chaqirtirib qo‘ying, kechasi 12 ga. Kattakoni, muassisi kelsin, kechasi 12 da. Uni umuman hokimiyat hududiga kirishga ham haqi yo‘q, Termiz shahrida kutsin. Men qachon, qayerga chaqirishimni [aytaman]. Ishlamoqchi bo‘lsa, bo‘ldi. Bo‘lmasa, bugunning o‘zida ustidan xat berib yuboraman. Texnikasi bo‘lmasa, umuman keragi yo‘q. Ishlasa ishlasin, nima qiladi bizni, fermerlarni ovora qilib? Hamma qarzga botib ketgan.

329 ta kultivator chopiq traktordan 143 tasi [shudgor qilishga] kirmagan. Qani nachalnik militsiya? Siz o‘zi nima ish bilan shug‘ullanasiz, og‘ayni? Sizga men bir kun muddat bergan edim, Muzrabotda, nimaga kirmadi [texnikalar]? Nimaga shu paytgacha tugatmadingiz?

Hokim, prokuror, hamma sektorlar tursin o‘rnidan. Sizlar hammalaringiz o‘yinqaroqlik bilan… Sizlarning birortangga Denov bilan o‘ynashishga, Denov xalqini bunday “tupik"ga tiqishga vakolat berilmagan. Senlar ishlamay yalqovligingni orqasidan hamma joy mana shunday parokanda bo‘lib yotibdi.

G‘alla hayotda bunday g‘alla bo‘lmagan. Shudgor qilinmagan bugungacha. Men nachalnik militsiyaga texnikani opkirtir, deb [aytgandim] — siz, nima, buyruqni bajarmay qo‘yganmisiz? Forma kiyib yuribsizmi yo formasizmisiz? Qulog‘ingiz tom bitganmi — bunisidan kirib, unisidan chiqib ketadimi? Ertalab borib nimani razbor qilyapsizlar, buncha g‘allaning rasvosi chiqib yotgan bo‘lsa, shudgor qilinmagan bo‘lsa?

Sizlarga aytdim — ko‘kat, karam-maramni yig‘ishtirasanlar, deb. Buncha yer talon-taroj bo‘lib ketgan. Prokuror qayerga qaragan? Qo‘shilib sotyapsizmi, Ilhom, hamma narsani? Nimaga buncha yer yo‘qolib ketdi?

Meni hozir ishim ko‘pligidan sal vaqtim bo‘lmayapti. Bu hafta Denovga kelaman. Fermerlar, hamma bilib olsin: ertadan 100 foiz hamma fermer dalaga chiqsin, 100 foiz! Ishchilarni olib chiqib, ariqni qazamiz, dalaning atroflarini tozalaymiz, yoqamiz. Shudgor bo‘lmagan joyni [shudgor qilamiz]. Uch kundan keyin, mubolag‘asiz aytyapman, kimdadir shudgor qilinmagan bir santimetr joyini topsam, xafa bo‘lmang — yerdan shu zahoti ayrilasiz.

Ikkala klaster ham oyog‘ini qo‘lga olsin. Pullarning raschyotini qilsin fermerlar bilan. Klasterlarga dushanba kechgacha muddat: tiyin-tiyingacha joyiga qo‘yib, kimdan qancha qarzi bo‘lsa, pulini bersin. Endi sizlarga tayyor tekin xizmatkor yo‘q — pulini bersang ishlaydi, pulini bermasang hech kim ishlamaydi sizlar bilan.

Hamma o‘g‘it bergan fermerlar suvini tarasin. Hozir men To‘palangga ham buyruq berdim — suvni ham ochadi. Qayergacha bo‘lsa ochib, joy joyiga qo‘yasiz.

Bahodir aka Qodirov qani? Kelganmisiz? Qolganlar o‘tirsin. Bahodir akaga, Usmon aka, klasterga, anavi vallamatga, aytasiz: agar u klaster bo‘lib qoladigan bo‘lsa, mashina qilsin, oldiga yaxshi bolalardan qo‘yasiz. Ertadan “Oxunboboyev"dan boshlaysiz, grafik qilasiz, kuniga ikkita-ikkita hududni batafsil o‘rganib, har kuni menga doklad qilasiz.

“Sobir Rahimov”, keyingisi “O‘zbekiston” bilan “Mustaqillik” — shu yerlarda to‘liq karam turibdi. Ikkalasining raisi qani? “Mustaqillik” bormi? Iskandar aka, nimaga unday bo‘lib yotibdi? Sizda qancha karam turibdi? Tez oldiring, tushundingizmi? “Sharof Rashidov” rasvo deb eshityapman. “Oxunboboyev” tugab, tamom bo‘lgan deyishyapti. Hozir unga “G‘alaba” ham qo‘shilib, kasallik shu yoqqa o‘tib ketgan, deyishyapti.

Bahodir aka har kuni ko‘rib, menga doklad qiladi. O‘rganadi, xulosa qilib beraverdi. Men bir-ikkitasining qilmaganiga qattiq-qattiq chora [ko‘raman]. Tushunarlimi? Texnikalar bugun kirsin. Avj bilan remont qilinsin. Remontning qanday bo‘layotgani, qanday ketayotganini seshanba kun kelib ko‘raman.

Hozir, mana bu klaster degan kattakonni, qaysi go‘rda bo‘lsa ham — kim o‘zi u, bilmayman — uni olib borib, anavinga, Termizga qo‘yib qo‘yinglar. Kim hurmatini bilmasa bor-ku, biz unday hurmatsizlar bilan ishlashga majbur emasmiz, gapning ochig‘i. Bularning ham u bilan ishlaymiz, deb ko‘zi uchib turgani yo‘q. Kelganidan beri paxta ham ketadigan joyiga ketgan, g‘alla ham. Ikkala klaster ham bu yerga noloyiq. Gapning ochig‘i shu.

Kelishdikmi fermer-buvalar, oqsoqollar? Hammaning qo‘lidan keladi, buyog‘iga birga-birga kelgan joyidan davom ettirib ketaveramiz.

Fermerlar: “Bizga nisbatan fashistning ishini qilishyapti”

“Gazeta.uz"ga murojaat qilgan bir guruh denovlik fermerlarning so‘zlariga ko‘ra (ular qo‘rqqanidan ismini oshkor etishni istamadi), sabzi, karam va piyoz mahsulotlari ekilgan dalalar, ulardan hali mahsulotlar to‘liq terib olinmagan bo‘lsa-da, viloyat rahbari Ulug‘bek Qosimov topshirig‘i bilan ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan haydalib, shudgor qilib tashlanmoqda.

Fermerlardan birining aytishicha, tumanning “O‘zbekiston”, “Mustaqillik”, “Bobur”, “Shohrux Xudoynazarov”, “Xolchayon”, “Amir Temur”, “Oxunboboyev”, “Sharof Rashidov”, “G‘alaba”, “Hazorbog‘-1”, “Hazorbog‘-2”, “Sh.Qobilov”, “Islom To‘rayev”, “Sobir Rahimov”, “S.Otaboyev” kabi hududlaridagi o‘nlab, yuzlab gektarlarga ekilgan karam, sabzi, piyoz mahsulotlari dalalarda yo‘q qilinmoqda.

Fermerlarning so‘zlariga ko‘ra, anomal sovuqdan so‘ng ekilgan karamlarning taxminan 20 foizini sovuq urgan, lekin 70 foizdan ortig‘ini bozorga chiqarish mumkin. Ayni vaqtda, fermerlarning ta’kidlashicha, sabzini sovuq urmagan. Bu mahsulotlarni yetishtirish uchun har bir gektar yerga 35−45 mln so‘mdan pul sarflangan. Fermerlarga hosilni yig‘ib olish uchun uch kun vaqt berilgan, ammo bu muddat juda qisqa.

“Har yili fevralgacha bemalol yig‘ib olar edik, martgacha hamma yerlar shudgor qilinar, aprelda esa paxta ekilardi. Viloyatning yangi hokimi tezlik bilan yerlarni shudgor qilishni buyurgan. Bu fermerga nisbatdan ham, xalqqa nisbatan ham adolatsizlik. Rahbarlar bizga nisbatan fashistning ishini qilyapti”, — degan fermerning qo‘shimcha qilishicha prezident bu ishlardan boxabar bo‘lganida edi, 250 ga yaqin fermerning hosili xavf ostida qolmagan bo‘lardi.

Fermerlardan birining qo‘shimcha qilishicha, ularning bari bu ishlarga ochiqcha norozilik bildirishga qo‘rqmoqda, chunki “yerni haydashga qarshilik qilinsa, [hokim] yerni tortib olish mumkin”.

Viloyat hokimi uchun videohisobotlar

Denovdagi karam, sabzi va piyoz ekilgan yerlarni haydash uchun mas’ul qilib tayinlangan ichki ishlar organi xodimi Bahodir Qodirov, viloyat rahbari Ulug‘bek Qosimov unga 7 yanvardagi yig‘ilishda tayinlaganidek, har kuni hokimga video-“doklad” bermoqda (“Gazeta.uz” ixtiyorida Qodirovning 21 va 22 yanvardagi hisobotlari mavjud).

“Mana, 21 yanvar kuni ertalab soat 7:30 chamasi „Shohrux Xudoynazarov“ hududida joylashgan „Denov Asilbek Fayz“ fermer xo‘jaligining dalasiga keldim. 1 gektar sabzi ekilgan, 40 sotix karam ekilgan. Fermer xo‘jalik rahbari bilan, mana, sabzining joylarini haydatyapmiz. Kecha topshiriq berilgan edi… Nima texnika [kerak] bo‘lsa, texnika muammosi bo‘lmaydi. Solyarka, texnikalar bilan yordam qilib beramiz. Faqat, aka, ikki-uch kun ichida hamma joy shudgor bo‘lishi shart. Tushundingizmi?”, — deyiladi 21 yanvardagi videohisobotda.

Bahodir Qodirov 22 yanvardagi hisobotida “kechagi berilgan topshiriqlar” ijrosini o‘rganayotganini, karam ekilgan 1,5 gektar dalaga haydov traktorini tushirtirganini, “Sherzod” va “Vali” fermre xo‘jaliklari o‘rtasidagi dalada ariq qazish ishlari boshlangani, ertalab soat 7:00 dan hudud rahbarlari yig‘ilib, ularning bariga topshiriq berilgani, “viloyat prokurori o‘rinbosari O‘ktam aka” ham kelib, hamma narsani tushuntirganini ma’lum qilgan.

“Karam ekilgan yer — paxtaniki, fermerlar esa norozi emas”

Bahodir Qodirov “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda qiliniayotgan ishlar hisobotini har kuni video tarzida viloyat hokimiga yetkazayotganini tasdiqladi. Uning ta’kidlashicha, “hamma yerlar paxtaning joyi, shuning uchun hamma yer shudgor qilinishi shart”.

“Yerga ega bo‘lmagan, qarov bo‘lmagan, nazorat bo‘lmagan. Hozir fermerlar mahsulotlarini yig‘ib olgan taqdirda ham qayerda saqlaydi? Ularni katta muzlatgichlarga ham joylashtirib bo‘lmaydi — karamlar baribir shilta bo‘lib qoladi”, — dedi Bahodir Qodirov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu ishlardan “fermerlar norozi bo‘layotgani yo‘q”, jarayonda faqat bitta muammo bor, xolos: “Qorlar erib, yer loy bo‘lib qolyapti. Texnikaning dalaga kirishi qiyin bo‘lyapti”.