Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyatida o‘tkaziladigan ko‘pkari uchun Zomin qo‘riqxonasidan bo‘ri olib kelinishi haqida tarqalgan xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Viloyat Ekologik nazorat inspeksiyasining Zomin tumani bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda «Turkman» MFYda yashovchi fuqaro K.G‘. xonadonida bo‘rini noqonuniy tarzda tutqunlikda saqlab kelayotgani aniqlandi.

Bu bilan fuqaro «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunining 4, 32, 33-moddalarining talablarini buzgan. Shundan kelib chiqib, unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi 1-bandiga asosan BHMning 10 baravari, ya’ni 3 mln so‘m miqdorida jarima belgilandi.

Ayni paytda davlat inspektorlari tomonidan bo‘rini tabiat qo‘yniga qaytarish choralari ko‘rilyapti, deyiladi xabarda.