Jizzax Auto zavodi Sog‘liqni saqlash vazirligiga «103» xizmati uchun 110 ta Volkswagen Caddy so‘nggi avlod tez tibbiy yordam mashinalarini topshirdi va ular hududlarga topshirildi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Vazirlik tizimida eskirgan avtotransport vositalarini bosqichma-bosqich zamonaviylariga almashtirish ishlari olib borilmoqda. Xususan, «103» xizmatida 2938 dona «Tez yordam» mashinasi bo‘lib, shundan 648 tasi yoki 22 foizi normativ hujjatlarga asosan yangilanishga muhtoj.

«Volkswagen Caddy yuqori texnik ko‘rsatkichga egaligi, harakatlanish qobiliyati yuqoriligi va ixchamligi bilan ajralib turadi. Mazkur avtomobillarni loyihalash va jihozlashda shifokor hamda bemorlarga imkon qadar qulaylik yaratishga e’tibor berilgan», — deyiladi xabarda.

Hozirgi kunda «103» tasarrufida 244 ta Hunday, 145 ta Volkswagen Caddy, 90 ta Nissan, 46 ta Toyota, 228 ta Ford, 13 ta Foton, 37 ta «UAZ», 5 ta Isuzu NLR, 29 ta Isuzu D-MAX, 19 ta «GAZel», 2082 ta Damas mashinalari xizmat ko‘rsatmoqda.

103, volkswagen caddy, ссв, tez yordam

«Xalqaro tajribani o‘rganib, A, B, C toifali „Tez yordam“ avtomobillari uchun standartlarni ishlab chiqishga vazirlik darajasida jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Yangi qabul qilib olingan A toifali ushbu avtomashinalar tez tibbiy yordam brigadalari ishini yanada takomillashtirishga mo‘ljallangan. Ishonchimiz komilki, beshinchi avlod Volkswagen Caddy avtomobillari uzoq yillar xalqimiz manfaatlari uchun xizmat qiladi», — dedi vazir o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov.

110 ta avtoulov hududlardagi mavjud ehtiyojga ko‘ra quyidagicha taqsimlandi:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 10 ta;
  • Andijon viloyati — 10 ta;
  • Buxoro viloyati — 10 ta;
  • Jizzax viloyati — 9 ta;
  • Qashqadaryo viloyati — 10 ta;
  • Navoiy viloyati — 8 ta;
  • Namangan viloyati — 10 ta;
  • Surxondaryo viloyati — 9 ta;
  • Sirdaryo viloyati — 8 ta;
  • Toshkent viloyati — 8 ta;
  • Farg‘ona viloyati — 10 ta;
  • Xorazm viloyati — 8 ta.

103, volkswagen caddy, ссв, tez yordam

103, volkswagen caddy, ссв, tez yordam