Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan 26−27 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonda bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuvlar mamlakat poytaxti Bishkekda bo‘lib o‘tadi. Muzokaralar kun tartibidan davlatlararo do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarining keng doirasi o‘rin olgan.

O‘zaro savdoni ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasi dasturlarini qo‘llab-quvvatlash va mintaqaviy infratuzilma loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratiladi. Sammit yakunida ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilgan, — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston rahbarining bundan avvalgi davlat tashrifi 17 yanvar kuni Singapurga bo‘lgandi. Tashrif doirasida mamlakat prezidenti Halima Yaqub va bosh vaziri Li Syan Lun bilan muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Davlat boshqaruvi uchun kadrlar tayyorlash, investitsiyalar, «yashil» texnologiyalarni jalb qilish, shaharsozlik va kommunikatsiyalar sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.