O‘zbekistonda paxta maydonlarini nasos bilan sug‘orish uchun ketgan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi. Bu haqda 23 yanvar kuni prezident paxta yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha yig‘ilishda aytib o‘tdi.

Keltirilishicha, hozirda respublikada 7 mingta fermer paxta maydonlarini nasoslar orqali sug‘orishga majbur bo‘lyapti. Fyuchers shartnomalari tuzishning oxirgi muddati belgilanmagan, shartnomalarni ro‘yxatga olish bo‘yicha shaffof tizim yo‘q, deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda sohadagi shu kabi muammolar muhokama qilinib, zarur choralar belgilandi. Xususan, o‘tgan yili ichki bozorda mineral o‘g‘it narxi o‘rtacha 50 foizga oshib, tanqislik yuzaga kelganni uchun, ularga bojxona imtiyozlarini yana 3 yilga uzaytirish taklifi berildi.

Bundan tashqari, QQSni o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun fermer xo‘jaliklariga hisoblangan penyalar, istisno tariqasida, hisobdan chiqariladi.

prezident

Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov. Foto: Prezident matbuot xizmati

Fyuchers shartnomalarini soliq organlarining elektron axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining «Agroplatforma» axborot tizimiga integratsiya qilinadi. Shuningdek, endi Nyu-York birjasining o‘rtacha oylik fyuchers kotirovkalari tahlili Qishloq xo‘jaligi vazirligi veb-saytida e’lon qilib boriladi.

Paxtachilik yo‘nalishidagi ilmiy institutlarni ishga solib, chet ellarda qo‘llanilayotgan unumdor va kam suv talab qiluvchi navlarni mahalliylashtirish zarurligi aytildi. Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligidagi joriy yilgi vazifalarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Unga ko‘ra, 400 mln dollarlik 600 ta loyiha ishga tushiriladi, qo‘shimcha 185 ming tonna saqlash va qayta ishlash quvvatlari hamda 33 ta tumanda agroxizmat markazlari tashkil etiladi. Ipakchilik sanoatida 3 trln so‘mlikdan ziyod mahsulot tayyorlanib, qariyb 110 mln dollarlik eksport qilinmoqda.

«Lekin bu tarmoqda salohiyat yanada katta. Shu bois Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasiga bu yil 26 ming tonna pilla, 1,3 mln dona qorako‘l terisi va 40 ming tonna jun ishlab chiqarish vazifasi qo‘yildi», — deyiladi xabarda.

prezident

Shuningdek, 300 ming gektar yerda suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatish, 200 ming gektar yerni lazerli tekislash rejalashtirilgan. 100 ming gektar ekin yerlarini taqsimlab, 2 mlndan ziyod aholining bandligini ta’minlash ham muhim vazifalardan. Bu asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetarli bo‘lib, bozorlarda narx-navo barqaror bo‘lishida ham ahamiyatga ega.

Shuningdek, O‘zbekistonda oziq-ovqat sanoatida oliy va o‘rta bo‘g‘in mutaxassislariga ehtiyoj kattaligi sabab, xorijiy davlatlar tajribasi asosida bu sohada yangi institut tashkil etish taklifi ma’qullandi.