Samarqand viloyatining Urgut tumanida joylashgan «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida va Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi hududlar hisobidan kengaytiriladi. Bu haqda prezidentining 11 yanvar kuni qabul qilingan farmonida qayd etilgan.

Qaror «Urgut» EIZning muvaffaqiyatli tajribasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qashqadaryo viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanish, shu asosda yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan.

«Urgut» EIZni kengaytirish uchun Beruniy tumanidagi 22,3 gektar bo‘sh yaylov va lalmi yerlar, shuningdek, Kitob tumanidagi 37,4 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari toifasidan sanoat, transport, aloqa va boshqa yerlar toifasiga o‘tkazilmoqda.

«Urgut» EIZ 2017 yil yanvar oyida prezident qarori bilan tashkil etilgan. Boshqa erkin iqtisodiy zonalarda bo‘lgani kabi, uning ishlash muddati keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil etadi. Ushbu davrda EIZ hududida maxsus soliq, bojxona va valyuta rejimlari amal qiladi.