23 yanvar kuni Olmaotada ilgari McDonald’s brendi ostida ishlagan restoranlar qayta ochildi, deb yozmoqda Qozog‘iston OAVlari.

Restoranlarga egalik qiluvchi Food Solutions KZ bosh direktori Aset Mashanovning aytishicha, barcha shaharlarda restoranlar asta-sekin ochiladi. Yopilishdan oldin kompaniya mamlakatning 6 shahrida 20 dan ortiq McDonald’s restoranlariga ega edi.

Peshlavhalarga «Biz ochiqmiz» (rus tilida bo‘lishi kerak — tah.) deb yozilgan bo‘lib, bunda avvalgi logotipni eslatuvchi «M» harfi sariq rangga bo‘yalgan. Tarmoq nomi tez orada taqdim etiladi.

Internetdagi fotosuratlar va xabarlarga qaraganda, assortiment o‘zgarishsiz qolgan, ammo paketlarda kompaniya nomi yo‘q. Foydalanuvchilarning xabar berishicha, ovqatlarning ta’mi o‘zgarmagan.

Yopilish vaqtida ishlaydigan barcha restoran xodimlari o‘z ish joylari, maoshlari va boshqa mehnat sharoitlarini to‘liq saqlab qoladilar, deb ishontirdi kompaniya.

McDonald’s Qozog‘istonda 2016 yilning mart oyidan beri mavjud. 5 yanvar kuni kompaniya kotlet uchun go‘shtni Rossiyadan yetkazib berish taqiqlashi ortidan kelib chiqqan muammolar tufayli brend mamlakatdagi faoliyatini to‘xtatayotganini ma’lum qilgan edi.