Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy 22 yanvar kuni O‘zbekistonni Kobul va Toshkent o‘rtasida imzolangan shartnomada ko‘rsatilgan miqdorda elektr energiyasini yetkazib berishga chaqirgandi. Bunga javoban O‘zbekiston tomoni 25 yanvardan boshlab Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berish qayta tiklanishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

14 yanvar sanasidan respublika hududida havo haroratining keskin pasayishi oqibatida issiqlik elektr stansiyalarida yonilg‘i ta’minotida muammolar, ya’ni yonilg‘i tanqisligi va turli nosozliklar paydo bo‘lgan. Shuningdek, respublika iste’molchilarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berish vaqtinchalik to‘xtatilgandi.

«Ushbu fors-major holati haqida Afg‘oniston energetika tashkiloti ogohlantirilgan», — deyiladi xabarda.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» mamlakatda ishlab chiqarilgan va ichki iste’molga mo‘ljallangan elektr energiyasi eksportga yo‘naltirmasligini qayd etdi.

Hukumatlararo kelishuvga muvofiq amalga oshiriladigan elektr energiyasi import amaliyotining bir qismi Afg‘onistonga (imzolangan shartnomalarga muvofiq) eksport qilinadi.

Afg‘oniston elektr energiyasini O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston va Erondan import qiladi. O‘zbekistondan import qilinadigan elektr Kobul, shuningdek, Parvon, Kapisa, Panjsher, Nangarhor, Lag‘mon, Logar, Paktiy, Xost, Maydon Vardak, G‘azni va Bag‘lon hududlarini elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.